Parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilandi
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiyaning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev ishtirokida o‘tkazilgan majlisda ikki davlat rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti va mustahkam siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Jumladan, Tanzila Norboyeva O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, strategik sheriklikni chuqurlashtirishda parlamentlararo aloqalarning ahamiyati katta ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bugungi kunda aniq amaliy natijalar bilan boyib borayotgani alohida qayd etildi.
Qozog‘iston Senati Spikeri Maulen Ashimbayev davlat rahbarlari Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama hamkorlikka yuqori sur’at bag‘ishlayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda parlamentlararo hamkorlik alohida o‘rin tutadi.
Komissiya faoliyati doirasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, Orol dengizi muammolarini hal etish, Orolbo‘yi ekotizimini muhofaza qilish, shuningdek, ilm-fan va ekologiya sohasidagi ta’lim loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qo‘shma loyihalarni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilishda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha komissiyaning hamraislari – Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Qozog‘iston Parlamenti Senati raisining o‘rinbosari Jakip Asanov O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, strategik sheriklikni rivojlantirishda parlamentlararo aloqalarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, “yashil” iqtisodiyot, energetika, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Parlamentlararo hamkorlik oliy darajada erishilgan kelishuvlarni qonunchilik jihatidan ta’minlashda va ular o‘z vaqtida ijro etilishida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
[gallery-28681]
– Davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari bugun jadal rivojlanib bormoqda, – deydi Qozog‘iston Parlamenti Senati a’zosi Zokirjon Qo‘ziyev. – O‘tgan hafta quyi palatamiz vakillari O‘zbekistonga kelib, muhim masalalarni Qonunchilik palatasi deputatlari bilan muhokama qilgandi. Bugun biz – senatorlar o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan munosabatlarimizning yangi istiqbollarini belgilab olyapmiz. Samarqandga Qozog‘istondan Senat a’zolari bilan birga ilm-fan, madaniyat va san’at namoyondalari, taniqli ijodkorlar ham tashrif buyurgan va ular ishtirokida bugun qadimiy shaharda o‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi o‘tkaziladi. Albatta, yaqin qo‘shni, qardosh davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi qozoq va o‘zbek xalqlarining farovonligiga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda komissiyaning avvalgi majlislarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni yuzasidan axborot berildi.
Muhokamalar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni qayd etib, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari