Parlament vakolatlari kengayadimi?
Davlat rahbarining ba’zi bir vakolatlari parlamentga o‘tkazilishi O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, bu ishlar esa ortga qaytmasligini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu o‘zgarish Oliy Majlis vakolatlarini kengaytirish barobarida, xalq vakillarining mas’uliyatini yanada oshiradi.
Davlatdagi muhim lavozimlarga tayinlashda yakkaboshlik emas, balki ko‘pchilikning fikri inobatga olinishiga imkon beradi. So‘nggi yillarda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, davlat va jamiyat ishlarida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish sari amalga oshirilayotgan islohotlar tizimida Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega.
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi xalq vakillari e’tibor markazida bo‘ladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi jamiyatning barcha sohasiga taalluqli bo‘lgani bois Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash bo‘yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi, parlament palatalariga Agentlikning milliy ma’ruzasini kiritishi mantiqan to‘g‘ri. Bu bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qilingan ishlar atroflicha tahlil va muhokama qilinishi bilan birga, kelgusida qay jihatlarga e’tibor qaratilishi lozimligi to‘g‘risidagi masalalar ham xalq vakillari e’tibor markazida bo‘ladi.
Hozir korrupsiyaga qarshi kurashish eng dolzarb vazifa ekanini inobatga olib, bu bo‘yicha tegishli qoidalarni Konstitutsiyaga kiritish masalasi muhim maqsadlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiyaning Oliy Majlis Senatining mutloq vakolati bilan bog‘liq 80-moddasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash, shuningdek, Konstitutsiyaning Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari bilan bog‘liq 78-moddasiga Agentlikning O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqish vakolatini kiritish maqsadga muvofiqdir.
Qolaversa, Prezident vakolatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyaning 93-moddasiga Agentlik direktorini tayinlash hamda hisobotini ko‘rib chiqish vakolatini belgilash ham muhim masaladir.
Bu o‘zgartishlar natijasida, Agentlik konstitutsiyaviy organ sifatida o‘z maqomiga ega bo‘ladi. Jamiyatdagi o‘rni va nufuzi oshadi hamda o‘z faoliyatidagi mas’uliyati yanada kuchayadi. Shu bilan birga, o‘z vakolatlaridan samarali foydalanishlarida keng imkoniyatlar yaratadi. Prezident va Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligi kuchayadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashdagi ish faoliyati yangi bosqichga ko‘tariladi hamda amaliy natijadorlik oshadi.
Hisob palatasi faoliyati ham takomillashadi, ham samaradorligi ta’minlanadi
Davlat rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazish taklif etildi. Misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish. Bu nihoyatda muhim va kerakli taklif desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, davlat byudjetining sarf-xarajatlari bo‘yicha xalq vakillari tomonidan parlament nazorati o‘rnatilishi, bundan xalqning bevosita xabardor bo‘lib borishiga ham muhim ta’sir ko‘rsatadi.
Konstitutsiyaning 78-moddasida Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish vakolati bevosita Oliy Majlis palatalarining mutlaq vakolatlariga kiritilgan. Bu, albatta, doimiy tarzda parlament a’zolarining hisobotlarini eshitish, taklif va tavsiyalar berish, zaruriy qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xabaringiz bor, 2019 yili “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi maxsus qonun qabul qilingan. Mazkur qonunda Hisob palatasi o‘z faoliyatida bevosita Prezidentga bo‘ysunadi, qolaversa, Prezidentga, shuningdek, Oliy Majlis palatalariga hisobdorligi belgilab qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, albatta, demokratik davlatda parlamentning o‘rni va roli oshib borishi lozim. Zero, xalq vakillaridan iborat parlament orqali xalqimizning muammolarini yechish osonlashadi. Parlament vakolatlari keng bo‘lgan davlatlarda rivojlanish, xalq yoki uning vakillari bilan hisoblashish, hukumatning mas’uliyati yanada oshadi.
Sherzod ZULFIQOROV,
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti professori
O‘zA