Parlament nazorati – qonun ustuvorligining asosi
O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasida mamlakatimizning o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsad-vazifalari, qaysi modelga asoslanishi, xalqaro miqyosda qabul qilingan inson huquqlari va huquq ustuvorligi hamda demokratiya tamoyillari o‘z ifodasini topgan.
Asosiy Qonunimizda mavzular o‘quvchiga qulay bo‘lgan ketma-ketlikda joylashtirilgan. Ikkinchi bob xalq hokimiyatchiligi, uchinchi bob Konstitutsiya va qonunning ustunligi, sakkizinchi bob siyosiy huquqlar, to‘qqizinchi bob iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar, deb nomlangan. Xususan, inson va fuqarolar asosiy huquqlari, erkinliklari hamda burchlarining alohida bo‘limda berilishi xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholangan. Tadqiqotchilar dunyo konstitutsiyalarida jami 117 xil inson huquqlari qamrab olinganligini hisoblab chiqib, ularning qanchasi 190 ta davlat konstitutsiyasida aks etgani bo‘yicha tahlil o‘tkazganida, Fransiya Konstitutsiyasi 13, AQSH Konstitutsiyasi 35, Buyuk Britaniya konstitutsiyaviy ahamiyatdagi hujjati 44, Germaniya va Yaponiyanikida esa 48 turdagi huquqlar qamrab olingani holda, biznikida 55 turdagi huquq o‘z ifodasini topganligi aniqlangan. 190 ta davlat ichida 117 ta huquqning barchasini qamrab olgan hujjatning o‘zi yo‘q.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida (1991-2021) konstitutsiyamizning asosiy talab-qoidalarini ro‘yobga chiqarish ustida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi, deyish mumkin. Xususan, davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarish, demokratik islohotlarni jadallashtirish va fuqarolik jamiyati rivoji uchun maqbul siyosiy mexanizmlarni vujudga keltirishda yaxshi qadamlar tashlandi.
Xo‘sh, bu tarixiy jarayondan nima kutiladi? Ilmiy tahlillar va nazariyotchilarning fikricha, siyosiy islohotlar natijasida «mamlakat hayotining boshqa sohalarida, ijtimoiy, iqtisodiy, fan, madaniyat, ta’lim yo‘nalishlarida bo‘ladigan modernizatsiya jarayonlari ham oxir-oqibatda, jamiyatning demokratlashuviga olib keladi». Bunday samaraga esa faqat mamlakatda tinchlik va barqarorlik muhiti bo‘lganida erishiladi. «Siyosiy barqarorlikni saqlab qolish – jamiyatda iqtisodiy taraqqiyot sur’atiga, daromadlarning adolatli taqsimlanishiga, siyosiy imkoniyatlar zaxirasi tugamasligiga va siyosiy partiyalar ishining samaradorligiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi», deydi taniqli amerikalik olim Samyuyel Xantintgton.
Demak, siyosiy barqarorlikni saqlab qolish – jamiyatda iqtisodiy taraqqiyot sur’atiga, daromadlarning adolatli taqsimlanishiga, siyosiy imkoniyatlar zaxirasi tugamasligiga va siyosiy partiyalar ishining samaradorligiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda, O‘zbekistonda siyosiy modernizatsiyaning tarkibiy tuzilmalarida qanday jarayonlar sodir bo‘ldi, degan mantiqiy savol tug‘iladi. Bizga ma’lumki, modernizatsiyalasha boshlagan jamiyat bir-biriga bog‘langan turli kompleks jarayonlardan iborat bo‘ladi. Siyosat nazariyalariga ko‘ra, har bir mamlakatda konstitutsiyada yozilgan demokratik qoidalarni amaliyotga joriy qilish jarayonida ustuvor sohalarda ushbu islohotlar amalga oshiriladi:
Birinchidan, iqtisodiy tuzilmalarda:
– ishlab chiqarish, taqsimot, transport, kommunikatsiya kabi sohalarda inson kuchlari samarali ishlatiladi;
– iqtisodiyotda an’anaviy modellardan rivojlanish modellari mehnat qurollaridan zamonaviy murakkab texnologiyalarni qo‘llashga o‘tiladi;
– sanoat tarmoqlarida son va sifat jihatidan ikkilamchi (sanoat va savdo) va uchlamchi (xizmat) sektorni ishga tushirib, birlamchi (qazib olish) sektori qisqarib boradi;
–iqtisodiyot sohasidagi ishlab chiqarish, iste’mol va taqsimot yo‘nalishida klasterga ixtisoslashish yuz beradi;
–sanoat industriyasi yuksaladi.
Ikkinchidan, siyosiy tuzilmalarda:
–siyosiy tuzilmalar diferensiyalashuvi ro‘y berib, siyosiy institutlarning roli kuchayadi;
–siyosiy tizimning evolyutsiyasi zamonaviy suveren davlat qurishga yo‘naltiriladi;
–davlatning roli nihoyatda oshadi;
–davlat va fuqarolarning sheriklik hamkorligiga doir qonunchilik bazasi kengayadi;
–siyosiy huquqini biladigan fuqarolar ko‘payadi, ijtimoiy guruh va individlarning siyosiy hayotga jalb etilishi vujudga keladi;
–modernizatsion elitalarning soni oshadi.
Uchinchidan, ijtimoiy tuzilmalarda:
–ochiq va yuqori mobilli jamiyat tizimi shakllana boshlaydi;
–odamlarning o‘zini tutishi, ichki madaniyati va o‘zaro aloqasi yuksaladi;
–davlat va jamiyat muloqotida muvofiqlashgan tizim (huquqlar, qonunlar, nizomlar, shartnomalar bo‘yicha yozma murojaat qilish) yaratiladi;
–boshqaruv institutlari, ijtimoiy va o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatiladi;
–sekulyarizatsiya (dindan xoli bo‘lish) jarayoni kechadi.
To‘rtinchidan, madaniy tuzilmalarda:
–madaniyat tizimi asosiy elementlari differensiyalashadi;
–savodxonlik va zamonaviy ta’lim rivojlanadi;
–fan va texnologiyaga ishonch kuchayadi;
–aniq fanlar, intellektual mulk va ilmiy-innovatsion tizimlarning nufuzi oshadi;
–yangi individual ko‘nikma, zamonaviy an’analarning keng ijtimoiy moslashuvi vujudga keladi;
–fuqarolarning siyosiy ongi, madaniyati oshadi, turmushi va fikrlash tarzi kengayadi;
–shaxsning jamiyat muammolari va ehtiyojlariga moslashish imkoniyati yuzaga keladi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, modernizatsiya – zamonaviylashish jarayoni har bir mamlakatda juda murakkab kechadi. O‘zbekistonda ham islohotlar jarayoni qiyin kechmoqda. Fuqarolarning dunyoqarashi, tafakkur tarzi, jamiyat voqea-hodisalariga munosabati ijobiy tomonga o‘zgargan taqdirda, kutilgan samaradorlikka erishiladi. Shaxs erkinlasha boshlasa, haq-huquqini yaxshi anglab yetsagina jamiyat ham, davlat ham iqtisodiy-siyosiy jihatdan rivojlanadi.
G‘arb tahlilchilarining fikricha, hokimiyatning uchta tuzilmasida qonun chiqaruvchi hokimiyatning o‘rni doimo yuqori o‘rinda turadi. Davlat hokimiyati taqsimlanish modeliga ko‘ra, qonun chiqaruvchi hokimiyat jamiyatda mavjud barcha ijtimoiy guruhlarning vakillik organlarini ta’minlashi, siyosiy qarorlar qabul qilishda sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Parlament «davlatning siyosatini belgilaydi» (J.Lokk), «parlamentning faoliyati xalq tomonidan nazorat etilmaydi» (E.Berk).
Qonunchilik tarmog‘ining davlat hokimiyatidagi faol ishtiroki ko‘p jihatdan konstitutsiyaviy asoslarning yaratilganligi bilan belgilanadi. Davlat hokimiyati tizimida bironta konstitutsiyaviy islohot parlamentni chetlab o‘tmasligi lozim.
Ijroiya hokimiyatining jamiyatni modernizatsiyalash jarayonidagi ishtiroki masalasi ham yosh tadqiqotchilar uchun dolzarb mavzu bo‘lishi mumkin. Taniqli olim E. Xeyvud ijro etuvchi hokimiyatni «byurokratik rahbariyat», deb ataydi. Ulkan byurokratik, ham ma’muriy apparatdan iborat ijro etuvchi hokimiyatning haqiqiy vazifasi siyosiy qarorlarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘lsada, hukumatning davlat siyosatida yetarli darajada faoliyat ko‘rsatmasligi quyidagi omillar bilan izohlanadi:
birinchidan, faoliyati kun sayin kengayib boradigan byurokratik apparatni boshqarishga professionalizm yetishmaydi, chunki apparatda boshqaruv tajribasi yetarli bo‘lmagan xodimlar ko‘proq ishlaydi;
ikkinchidan, ular o‘z moddiy manfaatini hech qachon unutmaydi, sababi, turli manfaatdor guruhlar ishini o‘zidagi departamentlar nazorat qiladi».
Ikkinchi omil jiddiyroq tahlil qilinganda, hukumatda egoistik manfaatli kishilar birlashgudek bo‘lsa, korrupsiya xavfi tug‘ilishi holati ma’lum bo‘ladi. bugungi kundagi ayni holat aslida shunday. Afsuski, jamiyat rivojiga xalaqit berayotgan ushbu zararli illat, ya’ni korrupsiyaning namoyon bo‘lishi ham milliy iqtisodiyotimiz rivojiga, ham siyosiy islohotlarning tizimli davom etishiga, ham davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch munosabatlariga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.
Bulardan xulosa shuki, huquqiy demokratik davlat qurish uchun birinchidan, parlamentning roli va nufuzini yanada oshirish maqsadga muvofiq. Bugun hayotning o‘zi parlament nazorati ob’ektlari doirasini kengaytirishni talab etmoqda. Amaldagi qonunga ko‘ra, parlament faqat davlat organlari faoliyati ustidan nazorat olib borishi mumkin. Biroq xo‘jalik boshqaruvi organlari, xususan, «O‘zbekneftgaz», «O‘zbekenergo», Kon-metallurgiya kombinatlari kabi yirik kompaniya va birlashmalar bundan chetda qolmoqda. Shu maqsadda «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish lozim, deb hisoblaymiz. Ikkinchidan, siyosiy partiyalarning jamiyatda tutgan o‘rni va nufuzini kuchaytirishga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olish masalasi turibdi. Milliy o‘zlikni anglash va millatning rivojida siyosiy partiyalarning tutgan o‘rnini alohida ta’kidlab o‘tishimizga to‘g‘ri keladi.
Siyosiy partiya– fuqarolarning eng faol, mushtarak mafkura asosida bog‘langan, davlat hokimiyatini qo‘lga kiritish, uni saqlab qolish va amalga oshirishga intiluvchi qismi, ixtiyoriy ittifoqi. Siyosiy partiyalar jamoat birlashmasi shaklida tashkil etiluvchi va faoliyat yurituvchi fuqarolik jamiyatining o‘ziga xos instituti bo‘lib, u muhim ijtimoiy-siyosiy va vakillik vazifalarini amalga oshiradi. Siyosiy partiyaning maqsadi – o‘zining elektorati manfaatlarini ifodalovchi dasturiy maqsadlarini ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun davlat hokimiyati vakillik organlarida ko‘pchilik o‘rinni egallash hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida siyosiy partiyalarning maqomi, ularning fuqarolik jamiyati hayotidagi roli va o‘rnini belgilab beruvchi quyidagi muhim me’yorlari ko‘rsatilgan:
– fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqi (32-modda);
– fuqarolarning kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqi (34-modda).
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan 2017 yil iyul oyida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida parlament va siyosiy partiyalarning faoliyati haqida keskin tanqidiy fikrlarni bildirdi. Oliy Majlisning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahamiyatga ega davlat dasturlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan ishlarini ham yetarli, deb bo‘lmaydi.
Demak, parlament nazorati – mamlakatimizda qonun ustuvorligi va siyosiy islohotlarning samarali kechishi kafolati hisoblanadi.
Baxtiyor Omonov, O‘zbekiston milliy universiteti professori,
siyosiy fanlar doktori