O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy sud, Bosh prokuratura, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Mudofaa, Adliya vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda mas’ullarning O‘zbekiston Respublikasida Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy hisoboti va Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan Oltinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining hisoboti eshitildi.

Tadbir doirasida Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘n uchinchi — O‘n to‘rtinchi davriy ma’ruzasi ham ko‘rib chiqildi. Ma’ruzada Konvensiya qoidalarining moddama-modda amalga oshirilishi, O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, o‘z huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda etnik guruhlar vakillari duch kelayotgan masalalar, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa huquqlarini ta’minlash sohasidagi vaziyat, fuqarolikni berishda to‘siqlarni bartaraf etish va shaxslarning fuqaroligini yo‘qotishning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlar qamrab olgan.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasidagi tashabbus va takliflarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ning ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlarni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar xaqida mas’ullar axboroti eshitildi.
O‘zA