Parkentliklarning muammolari o‘rganildi
Parkent tumanining olis “Yangi Sanganak” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi murojaatlari bilan ishlash, joyiga chiqqan holda ijtimoiy holatlarini o‘rganish va tibbiy ko‘riklar tashkil qilish borasida amaliy tadbirlar o‘tkazildi.
Hududda 1 ming 740 nafar aholi istiqomat qilib, asosan bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. O‘tgan davrda 59 fuqaroga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga yer ajratildi. Shu bilan birga, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan band bo‘lganlar soni 200 dan ziyodni tashkil etadi. Mahallada nogironligi bo‘lgan shaxslar 45 nafarni, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar 36 nafarni, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar esa 7 nafarni tashkil etadi.
“Qishloqda bir kun” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ommaviy tadbirda dastlab mazkur mahalla hududida joylashgan 21-umumta’lim maktabi hududida aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tuman bo‘limining malakali endokrinolog, LOR, EKG, pediatr, urolog-jarroh, ginekolog kabi tor doiradagi shifokorlar tomonidan jami 14 dan ziyod yo‘nalishlarda 300 nafarga yaqin keksalar, tug‘ish yoshidagi ayollar, yoshlar salomatligi tekshirildi.
– Yuragimdagi muammolar, qon bosimi ko‘tarilish holatlari bo‘yicha shifokorlarga murojaat qildim, – deydi 53 yoshli Sanobar opa To‘rayeva. – Ular salomatligimni ko‘zdan kechirib, zarur tavsiyalar berishdi. Uzoq joyda yashaganimiz uchun tuman markazidagi shifoxonaga borishga sharoitim bo‘lmasdi. Shu tufayli tibbiyot xodimlarining o‘zlari qishlog‘imizga kelganidan unumli foydalandim.
[gallery-21475]
Shu bilan birga, ayrim fuqarolarning xonadoniga borgan holda mutaxassislar tomonidan tibbiy tekshiruvlar ham o‘tkazildi. Jarayonda bemorlarga kerakli tavsiyalar berildi va sog‘lomlashtirish rejasi belgilandi. Hamshiralar tomonidan har bir bemorning ahvoliga alohida e’tibor qaratildi.
– Hozirgi vaqtda tibbiyotni olis joylardagi aholiga imkon qadar yaqin qilish bizning asosiy vazifalarimizdan biri, – deydi Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov. – Sababi qaysi toifadan bo‘lishidan qat’iy nazar ular bu imkoniyatlardan chetda qolmasligi kerak. Shuni e’tiborga olib, biz, avvalo, skrining tekshiruvlarga e’tibor beramiz. Bu orqali bemorlarda qand kasalligining oldini olish, turli yoshga doir xastaliklarni tahlil qilamiz. Odatda havosi toza, tog‘li joylarda kasallikka chalinishlar kam bo‘ladi. Biroq maxsus rentgen va turli tekshiruv apparatlar bilan jihozlangan avtotransportlarimizda mutaxassislar talab asosida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida mahalla yoshlari ishtirokida voleybol, stol tennisi, shashka kabi qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. G‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 21-umumta’lim maktabi kutubxonasi uchun 500 ga yaqin badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar topshirildi. Aholi, ayniqsa, yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ko‘chma kinoteatr tashkil etildi.
– Bunday sa’y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishdir, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi rahbari Nodir Hojiyev. – Kun davomida ular bilan yaqindan tanishib, taklif va tashabbuslarini o‘rgandik. Endi yil davomida ular bilan muntazam ishlab, viloyatimizda tashkil etiladigan turli tadbirlar, ommaviy sport musobaqalari, turli ijtimoiy loyihalarga jalb qilamiz. Bundan tashqari, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va sektor rahbarlari ishtirokida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi. Shu yerda nuroniylar bilan suhbat qilib, ularning duolari olindi.
Hozirgi tashkil etilayotgan sayyor qabullarga kelayotgan fuqarolar oddiy murojaatlar bilan kelmayapti. Ular aniq maqsad, mas’ullar oldiga amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlarni talab qilmoqda. Ko‘pchilik qabulga kelganlar davlat rahbari qaror va farmonlari asosida, deb ham murojaatlarini boshlaydi. Shunday paytlarda mas’ul rahbarlarning yanada hushyorligi ortadi.
Tadbir davomida aholi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkasi ham tashkil etildi.
A.Musayev, O‘zA