Parkentda urush faxriysiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent viloyatida urush va mehnat faxriylarini yo‘qlash, ularga ehtirom va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tadbirlari davom etmoqda. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hudud faollari bilan birga Parkent tumanida umrguzaronlik qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 102 yoshli Anorboy ota Jalilov xonadonida bo‘ldi.

Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuvda viloyat rahbari Prezidentimizning urush faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng Anorboy otaga davlatimiz rahbari nomidan 30 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.


Tadbir ishtirokchilari yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, keksalarga ehtirom ko‘rsatish va faxriylarni e’zozlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. 9-may – Xotira va qadrlash kunining umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish hamda bugun safimizda bo‘lgan urush va mehnat faxriylariga yuksak ehtirom ko‘rsatishning amaliy ifodasi ekani qayd etildi.


Anorboy ota Jalilov 1924-yilda Toshkent viloyatining Parkent tumanida tavallud topgan. Ulug‘ Vatan urushi yillarida frontga yo‘l olib, 2-Belarus fronti safida Ukraina, Polsha va Germaniyani ozod qilish janglarida ishtirok etgan.

Urushdan keyin esa u qo‘liga qurol emas, qalam oldi. Qariyb 30 yil davomida maktabda o‘qituvchilik qilib, yuzlab shogirdlarni tarbiyaladi. Faxriyning ko‘kragini bezab turgan orden va medallar uning jasorati, matonati va Vatanga sadoqatining yorqin ramzidir.

Anorboy ota bugungi e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga hamda xalqimizga samimiy minnatdorligini bildirib, yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi va farzandlar baxti uchun duo qildi. U kishi bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetish, Vatanni sevish va uni asrab-avaylash har bir avlodning muqaddas burchi ekanini ta’sirchan so‘zlar bilan ta’kidladi.
Tadbir davomida xonandalar tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo‘shiqlar bayramona kayfiyatga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
A.Musayev, O‘zA