Parijda O‘zbekiston IT sohasining taqdimoti o‘tkazildi
Yurtimizning Fransiyadagi elchixonasida “Axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va sun’iy intellekt sohasidagi tendensiya va imkoniyatlarni o‘rganish uchun davlat va xususiy sheriklikni uyg‘unlashtirish” mavzusida O‘zbekiston IT sohasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Fransiyaning “Bek Advisory” kompaniyasi va “IT Park Uzbekistan” hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda ilmiy doiralar vakillari, shuningdek, Fransiyaning IT sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Elchimiz Nodir G‘aniyev o‘z nutqida yig‘ilganlarga hukumatimiz tomonidan yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, diplomat so‘nggi besh yilda telekommunikatsiya va IT kompaniyalar soni 1,8 barobar oshgani, 2023 yil boshidan buyon respublikada 12 mingdan ortiq AKT korxonalari faoliyat ko‘rsatayotgani va ushbu sohada 100 mingdan ortiq kishi faoliyat yuritayotganini alohida ta’kidladi.
Tadbirda Fransiyada joylashgan axborot tizimlarini boshqarish va biznesni rivojlantirish loyihalariga ixtisoslashgan “Bek Advisory” kompaniyasi direktori Oybek Sodiqov so‘nggi yillarda O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida sezilarli rivojlanish kuzatilayotganini e’tirof etdi.
Taqdimot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi va ular ushbu yig‘in O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida IT texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim o‘rin tutishiga ishonch bildirdilar.
Muharrama Pirmatova, O‘zA