O‘g‘rilar mashhur Parij muzeyi – Luvrdan bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa ichida to‘qqizta qimmatbaho ashyoni o‘g‘irlab ketishdi. Jihozlardan biri biroz keyinroq shikastlangan holda muzey yaqinidan topildi. Bu haqda Evronews xabar tarqatdi.
Mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron ushbu voqeani “Fransiya merosi va tarixiga qilingan tajovuz” deb atadi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida hodisaga munosabat bildirar ekan, barcha o‘g‘irlangan buyumlar muzeyga qaytarilishi, aybdorlar albatta javobgarlikka tortilishini ta’kidlagan.
Parij prokuraturasi ma’lum qilishicha, hozir jinoyatchilar qidirilyapti. Kecha ertalab – mahalliy vaqt bilan 9 yarimlarda “Appolon” galereyasiga kirgan niqobli o‘g‘rilar o‘zi ko‘tariladigan qurilma orqali yuqori qavatga chiqqan. Derazani sindirib, zalga kirib olgach, o‘sha yerdagi temir qutilarni buzgan. Ular hammasi bo‘lib to‘qqizta zeb-ziynat buyumini o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan.
Hukumat bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu ashyolar tarixiy va madaniy jihatdan bebaho ahamiyatga ega.
Skuterlarda qochgan jinoyatchilar yo‘lda buyumlardan birini tushirib qo‘ygan. Bu ashyo shikastlangan holda muzey yaqinidan topildi. Napoleon III – imperatorning rafiqasi, malika Yevgeniyaga tegishli ushbu toj hujumga uchragan Fransiyaning mashhur muzeyi tarixidagi eng esda qolarli nishonlardan biri sifatida baholanmoqda. Hamla qilish jarayoni bor-yo‘g‘i 7 daqiqa davom etgan.
Farang yetakchisi jinoyatchilar va o‘g‘irlangan ashyolarni topish uchun barcha choralar ko‘rilayotganini bildirdi. Yangi ichki ishlar vaziri Loran Nunes, o‘g‘irlik “tajribali”jinoyatchilar tomonidan amalga oshirilgani, ular xorijlik bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. U barcha o‘g‘rilar tezda topilishiga va’da berdi.
Parij prokurori Lor Bekko esa bu ish tashkilotchilar va ijrochilarga bo‘lingan jinoiy guruh tomonidan amalga oshirilganini taxmin qilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, tergovga Isroilning maxsus kompaniyasi jalb etilgan. Mossadning sobiq rahbari Yakov Peri boshqaradigan ayni jamoa 2019 yil Drezden muzeyida yuz bergan yirik o‘g‘irlikni fosh etgan. O‘shanda 100 million yevroga teng zeb-ziynat o‘marilgan edi.
Sobiq Prezident Fransua Olland ham mahalliy telekanalda chiqish qilib, mazkur jiddiy jinoyatni mamlakat merosiga qilingan hujum sifatida baholadi. U so‘nggi haftalarda mamlakat muzeylarida shunday holatlar ko‘payganini ta’kidlab, hodisani “chet el ta’siri” orqali mamlakatni beqarorlashtirishga urinish, deb hisoblamoqda. Bundan tashqari Fransiya muzeylari xavfsizlik tizimida muammolar yetarli ekaniga ham urg‘u berilyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GGHPjG5bzaE" title="Parijda o‘g‘irlik yuz berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA