Parijda Dide Labushga “Oltin qalam” mukofoti topshirildi
Fransiyalik jurnalist, “Georama” nashriyoti asoschisi va direktori Dide Labush “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun o‘tkazilgan joriy yilgi xalqaro tanlov g‘oliblaridan biri deb topilgan edi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillarining Fransiyaga safari doirasida mamlakatimizning Parij shahridagi elchixonasida jurnalistga mazkur mukofot topshirildi. Tantanali marosimda jamoatchilik va ekspert doiralari vakillari, vatandoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘z erkinligi va ochiqlikni ta’minlash, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda ularning amaliy natijalari haqida so‘z yuritdi.

Xususan, “Oltin qalam” milliy mukofotining ta’sis etilishi va tanlov doirasida “Xorijlik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali” nominatsiyasi bo‘yicha chet ellik jurnalistlarning har yili taqdirlanishi xalqaro axborot makonida mamlakatimiz haqidagi materiallar salmog‘ining oshishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Marosimda Dide Labush xalqaro e’tirofdan mamnun ekanini, kelgusida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni yanada kengroq yoritishga intilishini bildirdi. Shuningdek, mamlakatimizning ulkan yutuqlari har qanday jurnalistni ular haqida yozishga undashini ta’kidladi.

—“Oltin qalam” men uchun shunchaki e’tirof emas. Bunday nufuzli mukofotni qo‘lga kiritish menga ilhom va faxr bag‘ishlaydi, — dedi u.
Tadbir davomida Dide Labush hamda fransiyalik yana bir jurnalist, “Euronews” telekanali muxbiri Galina Polyanskayaga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy a’zolik guvohnomalari ham topshirildi.
O‘zA