Parasportchilarimiz tarixiy marrani zabt etdi — delegatsiyamiz hisobida 101 ta medal!
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tayotgan Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari yuksak natijalarni qayd etib, mamlakatimiz parasport tarixida yangi sahifa ochmoqda.
Gap shundaki, “Aichi–Nagoya–2026” Paraosiyo o‘yinlarining para yengil atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi yadro uloqtirish (F32) bahslarida Xurshid Qodirov 9,40 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Hamyurtimiz ushbu natija orqali Paraosiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi.
Natijada, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 32 ta oltin, 35 ta kumush va 34 ta bronza, jami 101 taga yetdi. Hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu natija mamlakatimiz parasporti tarixida Paraosiyo o‘yinlarida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich sifatida tarixga kirmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA