Andijonda Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Vatan, uning erki va ozodligi yo‘lida qancha-qancha dovyurak vatandoshlarimiz aziz jonlarini fido qilishgan. Ularning qahramonliklari, ko‘rsatgan jasoratlari hech qachon unutilmaydi. Vatan himoyachilari kuni bayram tadbirlari erta tongdan Andijon shahri markazidagi Xotira xiyobonidan boshlandi. Harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov motamsaro ona haykali poyiga guldasta qo‘ydi.
Andijon shahrining Sharof Rashidov va Amir Temur shoh ko‘chalari kesishmasida boshlangan yurish va harbiy parad oldidan viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Sh.Abdurahmonov so‘z olib, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy armiyamiz jangovar salohiyati, mudofaa qudrati tobora yuksalib borayotganligi, harbiy xizmatchilar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini ta’kidladi, tadbir ishtirokchilari, harbiylar, barcha andijonliklarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.
Andijon shahri markaziy ko‘chasi – Navoiy shoh ko‘chasida “Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” “shiori ostida yurish, harbiylar va harbiy texnikalar paradi boshlandi. Milliy armiyamiz harbiy xizmatchilari, harbiy texnika namoyishi andijonliklar va shahar mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirdi.

Dastlab, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotiga qarashli harbiy va sport avtomobillari kirib keldi. So‘ng Andijondagi harbiy qismlar askar va zobitlari, harbiy texnikalar, shuningdek, Milliy gvardiya, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, viloyatdagi korxona, tashkilot, muassasa hamda o‘quv yurtlari jamoalari xodimlarining yurishi keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

– bugungi parad men va do‘stlarimda katta taassurot qoldirdi, – deydi Andijon shahridagi 24- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Saydullo Esonov. – Ayniqsa, harbiylarning yurishi, harbiy texnika namoyishi milliy armiyamizga, harbiylarga bo‘lgan hurmatimiz, Vatanga bo‘lgan muhabbatimizni yanada oshirdi.

Viloyatda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbirlar yuqori ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA