Para yengil atletikachimiz Tunis Gran-prisida g‘oliblik shohsupasida
Tunisda para yengil atletika bo‘yicha boshlangan xalqaro gran-pri musobaqasining ilk kunida matonatli va irodali para sportchimiz g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
58 mamlakatning matonatli para yengil atletikachilari ishtirok etayotgan nufuzli musobaqada “Parij-2024” Olimpiadasining 20 ga yaqin g‘olib va sovrindorlari, jahon chempionlari, rekordchilari qatnashmoqda.
Kecha dunyoning eng kuchli 490 nafarga yaqin para yengil atletikachilari qatnashayotgan mazkur nufuzli musobaqaning ilk kunida hamyurtimiz, O‘zbekiston davlat sport akademiyasi talabasi Farog‘at Muhammadqulova yuksak mahorat va matonat namoyish etib, terma jamoamiz hisobiga dastlabki oltin medalni taqdim etdi.

Aytish lozim, yigirmanchi bor tashkil etilayotgan ushbu Gran-pri musobaqasida Tunis jamoasi eng ko‘p(40 nafar) sportchi bilan qatnashayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasi 30 nafar atlet bilan sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.
Terma jamoamiz tarkibida “Parij-2024” Olimpiadasi g‘oliblari Qudratillaxon Ma’rufxo‘jayev, Yorqinbek Odilov, Nurxon Qurbonova singari tajribali sportchilar bilan bir qatorda yosh iqtidor egalari ham sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilishga chog‘lanmoqda.
Xalqaro turnir bahslari 19-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA