Para yengil atletika: xalqaro musobaqaga tayyorgarlik masalasi tahlil qilindi
Joriy yilning 1-5-noyabr kunlari Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi” sport maydonida “Uzbekistan Para Athletics Open Championships 2026” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Kelgusi yilning iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan para yengil atletika bo‘yicha Jahon chempionati oldidan test musobaqasi sanalgan mazkur turnirni yuqori saviyada tashkil etish, unda ishtirok etadigan sport jamoalarini munosib kutib olish masalalariga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishida tayyorgarlik jarayonlari ko‘rib chiqildi.
Sport vaziri A. Ikromov raisligida daxldor tashkilot va vazirlik mutaxassislari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda “Uzbekistan Para Athletics Open Championships 2026” bahclari para yengil atletikaning 126 ta dasturlarini qamrab olishi, unda 60 ta yugurish, 27 ta yadro, 11 ta disk, 3 ta klab, 11 ta nayza uloqtirish va 2 ta balandlikka hamda 12 ta uzunlikka sakrash musobaqalaridan iboratligi ta’kidlandi.

Toshkent para yengil atletika xalqaro musobaqalarida 18 ta davlatdan 172 nafar matonat sohiblari qatnashish, ularni munosib kutib olish, zarur shart-sharoitlarni yaratish, xavfsizligi va salomatligini muhofaza qilish, bahslar o‘tkaziladigan sport maydonlarida kerakli infratuzilma masalalari borasida tegishli tashkilotlarning mutaxassislariga zarur tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda qatnashgan O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev “Uzbekistan Para Athletics Open Championships 2026” doirasidagi tadbirlarda 15 nafardan ortiq xalqaro para yengil atletika mutaxassislari ishtirok etib, musobaqani tashkil etish jarayonlari, sport infratuzilmasi hamda tegishli xizmatlar faoliyatini o‘rganishi ko‘zda tutilganligini qayd etdi.
Shuningdek, Jahon chempionatiga tayyorgarlik bo‘yicha “Observation Tour” – kuzatuv tashrifi o‘tkazilib, uning davomida rasmiy delegatlar asosiy musobaqa va mashg‘ulot stadionlari, mehmonxonalar, shuningdek, chempionatni tashkil etish va o‘tkazish rejalari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.
Muhokamalar jarayonida xalqaro para yengil atletika tashkiloti va O‘zbekiston mutaxassislari o‘rtasida ikki tomonlama ishchi uchrashuvlar o‘tkazilishi, 2027-yilgi jahon chempionatining teletranslatsiyasi, marketing va targ‘ibot, logistikaga oid qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha zarur tavsiya va fikrlar bildirildi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA