Singapurda 75 ta mamlakatning 580 nafardan ziyod irodali para suzuvchilari ishtirokida o‘tayotgan jahon chempionati hal qiluvchi pallaga yaqinlashmoqda.
Bugun, 26 sentyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Azizbek Boynazarov (S13) 200 m masofaga kompleks usulda suzish dasturida, Sardor Baxtiyorov (S7) 50 m masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha final musobaqalarida o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.

Kecha erkaklar o‘rtasida S8 toifasidagi 200 metr masofaga kompleks suzish bahslarida chiqish qilgan Azizbek Boynazarov 2:29.77 soniyada marraga kelib, umumiy guruhda birinchi o‘rinni egallab, final yo‘llanmasiga ega chiqqan edi.
Shuningdek, kechagi kungi musobaqalarda hamyurtimiz Sardor Baxtiyorov (S7) esa 50 metr masofaga erkin usulda suzish dasturida 30.66 soniya bilan keyingi bosqich masalasini hal qilgandi.
Chempionatning 400 metr masofaga erkin usulda suzish dasturida qatnashgan terma jamoamiz a’zosi Bogdan Bektemirovga esa biroz omad yetishmadi. U marraga 4:34.82 soniyada yetib bordi. Ushbu natija final chiptasi uchun kamlik qildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA