Boyovut tumanidagi 1-sonli sport maktabida para kamondan o‘q otish bo‘yicha Sirdaryo viloyat qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun musobaqa o‘tkazildi. Unda yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan 70 yaqin matonatli va irodali sportchilar 2 kun davomida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Musobaqa avvalida tuman hokimi Dilfuza O‘rolova so‘zga chiqib, imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, para sportning turli yo‘nalishlarida muvaffaqiyat qozonayotgan, xalqaro musobaqalarda, Paralimpiya o‘yinlarida o‘z mahoratini namoyish qilayotgan para sportchilar, ular erishayotgan yutuqlar to‘g‘risida gapirib, para sportchilarga omad tiladi.
[gallery-20893]
Shundan so‘ng musobaqaga start berildi. Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bahslarda para sportchilar kamondan o‘q otish bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
Erkaklar o‘rtasida o‘tgan musobaqada qashqadaryolik Ubaydulla Imomqulov, buxorolik Ortiqjon Boboqulov, toshkentlik Abduvahob Qirg‘izboyev, Umidjon Komiljonov, ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda buxorolik Sabinabonu Baqoyeva, Shahribonu Vahobova, toshkentlik Shohidaxon To‘rayeva, Madina Ro‘ziyevalar o‘z yo‘nalishlarida tengsiz ekanliklarini yana bir bor isbotlashdi.
Musobaqa so‘nggida g‘olib va ishtirokchilarga musobaqa tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri