Yangi yil arafasida “paqildoq”larning yoqimsiz shovqini avj oladi. Quloqni qomatga keltiruvchi, bir lahzalik “zavq” ortidan ko‘ngilsiz holatlar yuz berishi, hatto butun umrga nogironlikka sabab bo‘lishi shubhasiz.
Mamlakatimizda pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, respublika hududiga olib kirish, tashish, saqlash va sotish ta’qiqlangan. Biroq, shunday bo‘lishiga qaramay ayrim “uddaburon”lar qonunni chetlab, bayram yaqinlashgani sari pirotexnika vositalarini tarqatishga urinmoqda.

Namanganda pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida viloyat huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, chegara va olis, tog‘oldi va tog‘li hududlar, markaziy dehqon va buyum bozorlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, umumta’lim maktablari, mahallalar, jamoat joylarida pirotexnika buyumlari noqonuniy muomalasining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar uyushtirilmoqda.
Jumladan, Pop tumani IIB 1-son ichki ishlar bo‘linmasi boshlig‘i IIV SHXBB Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi. Unda keltirilishicha, “Namangan” yo‘l patrul xizmati maskanida xizmat qilayotgan YPX inspektorlari tomonidan “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelgan “Kobalt” avtomashinasi to‘xtatilib tekshiriladi. Mashina yukxonasi va salonida xorijda ishlab chiqarilgan pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, qonuniy chora ko‘rishlik uchun tuman IIBga topshirilgan.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borilayotgan vaqtda fuqaro o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlarni sud idoralariga yubormaslik va qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga 2000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida berishini aytgan. Xodim esa fuqaroning bu harakati noqonuniyligi hamda bu jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi to‘g‘risida ogohlantirgan. Shunga qaramay huquqbuzar takroran pora taklif qilgan.
Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida, fuqaro 2 ming dollar miqdordagi pulni tumani IIB 1-son ichki ishlar bo‘linmasi ma’muriy binosi oldida xodimga pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DxXFIlJEHwk" title="“Paqildoq”: yangi yil kechasining tashvishi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aniqlanishicha, qonunbuzar shaxs ishlab chiqarilishi noma’lum bo‘lgan hech qanday sertifikatsiz pirotexnika vositalarini Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridan Toshkent viloyatiga olib ketayotgan bo‘lgan. Qing‘ir ishlar qilishga o‘rgangan bu “ustasi farang” ichki ishlar xodimlarini ham o‘z yo‘rig‘iga yurgizmoqchi bo‘ldi, biroq, o‘zi qarmoqqa ilinganini anglaganda esa ancha kech bo‘lgandi.
Viloyatda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan pirotexnika vositalarining “kontrabandasi”ga qarshi qaratilgan tezkor tadbirlar davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Nazira Olimjonova, O‘zA