O‘zXDP tashkilotlari siyosiy jarayonlarda faol
bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi mazmun-mohiyatini, ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur jarayonlarda siyosiy partiyalar, ularning hududiy tashkilotlari hamda deputatlik birlashmalari ham faol ishtirok etishga intilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining markaziy va hududiy tashkilotlari ham Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faollik ko‘rsatmoqda.
O‘zXDP Andijon viloyati Xonobod shahar kengashi tomonidan tumandagi kasb-hunar maktabida tashkil etilgan "Konstitutsiyaviy islohotlarning yoshlar va bolalar huquqlarini mustahkamlashdagi o‘rni" mavzusidagi davra suhbati ham ayni maqsadga qaratildi.

Davra suhbatida kengash raisi M.Akbarova, deputat L.Madaliyev va boshqalar «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini mustahkamlash, oila institutini rivojlantirish borasidagi o‘zgartish va yangiliklarni alohida e’tirof etdilar. Shuningdek, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlarini aks ettirishga doir yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Konstitutsiyamizni yanada takomillashtirish, xususan, oila institutini rivojlantirish borasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Partiyaning Surxondaryo viloyati Boysun tuman kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Konstitutsiyada “Inson qadri uchun” g‘oyasining belgilanishi” mavzusidagi davra suhbati ham muhim jarayon — Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlandi.
Tadbir ishtirokchilariga Bosh qomusimizning maqsad va ustuvor vazifalari, taklif etilayotgan yangiliklar, o‘zgarishlar mohiyati to‘g‘risida tushuntirildi. Xususan, inson davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozimligi, Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun ekanligiga alohida urg‘u berildi.
Davra suhbatida davomida ishtirokchilar Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga o‘z takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirdi.
Partiya matbuot xizmati materiallari asosida
Muhtarama Komilova tayyorladi.
O‘zA