
“O‘ztransgaz“ AJ tizimida bahorgi ko‘kalamzorlashtirish va ekologik tadbirlar qizg‘in davom etmoqda. Tabiatni asrash, yashil muhit yaratish hamda suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida kompaniya tasarrufidagi ob’ektlarda minglab mevali va manzarali daraxtlar ekilyapti.
Xususan, “Shimoliy So‘x“ gazni yer ostida saqlash inshootida bu mavsumda 9 ming tup daraxt ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar 2 ming tup ko‘chat o‘tqazildi. Yangi bog‘larda zamonaviy tomchilab sug‘orish tizimi joriy qilinmoqda.

Shuningdek, inshoot hududida 50 ming tup mevali va manzarali daraxt uchun qalamchalar tayyorlanmoqda. Bu “O‘ztransgaz“ AJ korxonalarini o‘z ko‘chatlari bilan ta’minlash imkonini beradi. Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasida ham mazkur tashabbus amalga oshirilmoqda.
Boshqarma hududida maxsus texnika yordamida daraxt ekiladigan maydonlar tayyorlanib, 7000 tup saksovul, 2000 tup qayrag‘och va 1000 tup tut ekish ishlari boshlandi. Bu ekologik barqarorlikni ta’minlash va atrof-muhitni himoya qilish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Tadbir doirasida ekilayotgan barcha daraxtlarning parvarishi uchun mas’ul xodimlar biriktirilgan. “O‘ztransgaz“ AJ rahbariyati bu tashabbusni izchil davom ettirib, nafaqat kompaniya ob’ektlarida, balki keng hududlarda ham ekologik muvozanatni ta’minlashga hissa qo‘shishni rejalashtirmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA