Aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2024 yilda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77,4 foizdan 80,9 foizga ko‘tarildi. Maqsadli davlat dasturlari doirasida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suv xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha 454 ta ob’ektda 1 817 km ichimlik va 294 km oqova suv tarmoqlari tortildi hamda 243 ta ichimlik suvi, oqova suv inshooti qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Xususan, yirik loyihalardan “To‘palang” suv ombori manbalari hisobiga ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida 1,8 trillion so‘m mablag‘ hisobiga 153 km tarmoq tortilib, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on tumanlarida istiqomat qiluvchi 156 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti va sifati tubdan yaxshilandi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ rahbariyati hamda mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, xalqaro moliya institutlari loyihalari asosida amalga oshirilgan ishlar ham e’tiborga molik. Jumladan, 2024 yilgi Investitsiya dasturiga ko‘ra, 22 ta loyiha doirasida 14 ta yirik suv inshootida jami 525 km ichimlik va oqova suv tarmog‘i qurildi.
2024 yilda barcha loyihalarning amalga oshirilishi natijasida respublikadagi 1,7 mingdan ortiq mahalladagi 1,1 million nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 2,9 million nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan 1 134 ta aholi yashash punktiga suv ta’minoti korxonalariga tegishli 214 ta va boshqa yuridik hamda jismoniy shaxslarga tegishli 1 112 ta maxsus suv tashish texnikasi orqali ichimlik suvining uzluksiz yetkazib berilishi ta’minlandi.
E’tiborli jihati, respublikadagi Andijon va Xorazm viloyatlari aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 92 foizga yetkazildi.
– Jumladan, jamiyat tomonidan maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha 66,2 MVt quyosh panellari o‘rnatish reja qilinib, bugungi kunda 113 ta bino va inshootga jami 1 834 kVt quyosh panellari o‘rnatildi hamda 1,3 million kVt elektr energiyasi yoki 1,2 milliard so‘m iqtisod qilindi, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Mahalliy byudjetdan ajratilgan qariyb 8 milliard so‘m mablag‘ hisobiga Nukus shahar suv tozalash inshootida quvvati 1 ming kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etilmoqda.
Tasdiqlangan dasturlar asosida shu yilda 561 ta energotejamkor nasos o‘rnatildi.
[gallery-21696]
Shuningdek, 1 186 ta ma’nan eskirgan nasos uskunasi zamonaviy energotejamkor uskunalarga almashtirildi va natijada yiliga 49,8 million kVt/soat elektr energi-yasini iqtisod qilishga erishilgan.
Qayd etilishicha, bir yil davomidagi ichimlik suvi tahlillari soni 2,9 milliondan 3 millionga yoki 9 foizga oshirildi.
2024 yilda iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini va shaffofligini oshirish maqsadida “Uzwater” yagona billing tizimi takomillashtirilib, bir nechta vazirlik va idoralar bilan o‘zaro integratsiya qilingan.
2020 yilda iste’molchilarning to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish ulushi 15 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 84 foizga yetkazilgan.
Tizimda iste’molchilar bilan ishlashni takomillashtirish hamda sohadagi korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida aholi nazoratchilari uchun “inson omilisiz” raqamlashtirilgan KPI tizimi joriy etilgan.
Bugungi kunda sohadagi 2,5 ming nafar nazoratchi xodimning ish samaradorligi mazkur KPI tizimi orqali baholanib kelinmoqda. Soha bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tezkorlik bilan o‘rganish uchun “SuvniAsra” tizimi joriy qilingan va u orqali murojaatchilar istalgan joydan xabar berish imkonini beruvchi mobil ilova yaratilgan. Shuningdek, @suvmuammobot telegram boti orqali murojaat qoldirish imkoni mavjud.
Matbuot anjumanida 24/7 rejimida ishlaydigan 12-55 qisqa raqamli “Yagona kall markazi” faoliyati takomillashtirilgani haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ma’lumot berilishicha, 2024 yil yanvar-dekabr oylari davomida call-markazga 137,1 ming murojaat kelib tushgan, shundan 87 foizi ijobiy hal etilgan, 13 foiz murojaat nazoratda.
Shuningdek, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash maqsadida “Suvtaʼminot Vodosnabjeniye” (uzsuv_chat) telegram chati hamda sohada korrupsion holatlar yuzasidan murojaatlarni qabul qilish uchun alohida telegram-bot (@uzsuvantisorruptionbot) faoliyati doimiy yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbir yakunida mazkur ishlarni jadal sur’atda davom ettirish, aholining ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari ehtiyojlarini yanada yaxshilash borasida 2025 yilda ham amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar va chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
OAV vakillari sohaga oid savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Nilufar Bozorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari