“O‘zsuvta’minot” AJ: xodimlar malakasi oshirilmoqda
“O‘zsuvta’minot” AJ ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, zamonaviy “aqlli” texnologiyalarni qo‘llash, ilg‘or boshqaruv usullarini joriy etish bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish hamda kadrlar salohiyatini oshirishga alohida ahamiyat qaratmoqda.

Kadrlar tajribasini oshirishga qaratilgan navbatdagi o‘quv-seminar “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJning o‘quv-trening markazida bo‘lib o‘tdi. “Respublika va viloyatlar bo‘ysunuvidagi shaharlar ichimlik suvi ta’minoti tizimlarida suv bosimini boshqarish (gidravlika) tizimini takomillashtirish hamda geoaxborot tizimini joriy etish” mavzusida bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarida xodimlarning geoaxborot tizimini joriy etish masalalari bo‘yicha malakasi oshirildi.
Undan ko‘zlangan maqsad hududiy suv ta’minoti korxonalari xodimlarining ma’lumotlarni tezkorlik bilan yig‘ish, raqamlashtirish jarayonlari bo‘yicha malakasini oshirish, o‘zaro tajriba va bilim almashish hamda olingan ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llashdan iboratdir.

Shuningdek, seminar davomida “O‘zsuvta’minot” AJ mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga geoaxborot tizimlari bilan bog‘liq asosiy tushunchalar, tizimni shakllantirish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy asoslar haqida batafsil ma’lumot berildi. Toshkent viloyati Chirchiq va Nurafshon shaharlari misolida geoaxborot tizimini shakllantirish jarayoni, mazkur yo‘nalishdagi mavjud muammo hamda kamchiliklar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA