“O‘zsuvta’minot” AJ xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
Mamlakatimizda suv ta’minoti va sanitariya tizimini rivojlantirish, sohada ilg‘or texnologiyalar hamda xalqaro tajribani joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada nufuzli xalqaro ta’lim va ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov boshchiligidagi delegatsiya Tailandning Bangkok shahrida joylashgan Osiyo texnologiya instituti (AIT)ga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida “O‘zsuvta’minot” AJ va mazkur institut o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat O‘zbekistonda suv ta’minoti va sanitariya sohasini yanada rivojlantirish, ayniqsa, markazlashmagan kanalizatsiya tizimlarini joriy etish, shuningdek, soha mutaxassislarining malakasini oshirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida AIT qoshidagi Jahon suv va sanitariya markazi (GWSC) bilan birgalikda mamlakatimizda, xususan, chekka hududlarda zamonaviy sanitariya yechimlarini joriy etish, shuningdek, WASH (suv, sanitariya va gigiyena) yo‘nalishida bilim va tajriba almashish rejalashtirilgan.

Tomonlar, shuningdek, “O‘zsuvta’minot” AJ xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini rivojlantirish, suv ta’minoti hamda kanalizatsiya sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Tashrif davomida delegatsiya AIT laboratoriya majmualari faoliyati bilan tanishdi, professor-o‘qituvchilar va texnik mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, GWSC bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan strategik dasturlarni muvofiqlashtirishga bag‘ishlangan seminar ham tashkil etildi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda suv va sanitariya infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro tajribani joriy etish hamda malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA