Ayni paytda “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi v.b. Ahmad Suvonqulov Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif sohaga investitsiyalarni jalb qilish va bu orqali xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, bu davlatimiz rahbari ilgari surayotgan muhim tashabbuslardan biridir.
Tashrif davomida suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari qamrovini kengaytirishga doir ikki tomonlama muhim hujjatlar imzolanganini ta’kidlash lozim.

Jumladan, “Etihad Water and Electricity” kompaniyasi bilan Qashqadaryo viloyatida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, kengaytirish va samarali boshqaruvga o‘tish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
“Envirol” kompaniyasi bilan esa oqova suvlarni tozalash, yog‘larni qayta ishlash va biologik yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik bitimiga erishildi.
Ushbu kelishuvlar suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sifatini oshirish orqali aholining turmush sharoitini yaxshilash va ekologik holatga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri