Ozorbayjonning faxri va millat rahnomosi
Taniqli davlat va jamoat arbobi Haydar Alievich Aliev 1923 yilning 10 may kuni Naxichevan shahrida temiryo‘lchilar oilasida tavallud topdi.
Taniqli davlat va jamoat arbobi Haydar Alievich Aliev 1923 yilning 10 may kuni Naxichevan shahrida temiryo‘lchilar oilasida tavallud topdi. Haydar oilaning 8 farzandidan to‘rtinchisi edi. Uning to‘rtta birodori – Hasan, Husayn, Agil va Jalal, uch nafar opa-singlisi – Sura, Shafig‘a va Rafig‘a bor edi.
1939 yilda Naxichevan pedagogika texnikumini tamomlagan Haydar Aliev Bakudagi Azizbekov nomli Ozarbayjon Sanoat institutiga o‘qishga kiradi. Biroq boshlangan urush tufayli u o‘qishni davom ettira olmaydi. 1941 yildan boshlab Haydar Aliev Ichki ishlar va xavfsizlik organlarida mehnat qila boshladi.
1948 yilda Ozarbayjon Davlat Xavfsizlik vazirligining 5-Boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Aynan o‘sha yili Xavfsizlik idorasining Malaka oshirish institutida tahsil oladi.
1957 yilda Ozarbayjon Davlat universitetining tarix fakultetini tamomladi. 1967 yilning 21 iyunida Haydar Aliev Ozarbayjon Vazirlar Kengashi qoshidagi Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. 1969 yil iyulida Ozarbayjon rahbari etib saylanadi. Bu lavozimda 1982 yilga qadar faoliyat yuritadi. Shu davr mobaynida Haydar Alievning respublikada ildiz otgan korrupsiya va boshqa jinoyatlarni yo‘q qilishga katta hissa qo‘shgani tan olinadi. 1987 yilda sobiq ittifoq vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan iste’foga chiqqanidan so‘ng, 1990 yilning iyulida Ozarbayjonga qaytadi. U xalq tomonidan iliq kutib olinadi, hamda Ozarbayjon Oliy Kengashi deputati va 1993 yilda mustaqil Respublikaning Prezidenti etib saylanadi.
Ya’ni, 3 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida “Siz nimani xohlasangiz, shuni beraman” shiori bilan maydonga chiqqan Haydar Aliev saylovchilarning 98,8 foiz ovozini olishga muvaffaq bo‘ldi. U 1993 yildan 2003 yilga qadar Ozarbayjon prezidenti lavozimida faoliyat yuritdi.
Aliev ikkinchi bor hokimiyatga kelganida respublikadagi ichki siyosiy vaziyat beqaror edi. Ishlab chiqarish pastga tushib ketgan, og‘ir iqtisodiy vaziyat yuzaga kelgan, qochqinlar bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lgan, qo‘shni respublika bilan harbiy to‘qnashuvlar davom etayotgan edi. Tahlilchilarning fikricha, 1993 yilda hokimiyatga qaytgan Haydar Aliev Ozarbayjonni tanazzuldan qutqarib qoldi. Chunki o‘shanda fuqarolar urushi chiqishi ehtimoli bo‘lgan. Respublika jar yoqasiga kelib qolgan edi.
Haydar Aliev respublikada boshqaruv tizginini o‘z qo‘liga olgach vaziyat yaxshi tomonga o‘zgara boshladi. U iqtisodni rivojlantirishga, qishloq xo‘jaligida keng qamrovli islohotlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratdi. Uning rahbarligida 1995 yilda yangi konstitutsiya ishlab chiqildi va referendum orqali qabul qilindi. Yangi konstitutsiyada rejali iqtisodiyot bozor iqtisodiyotiga o‘tishi belgilab qo‘yildi.
Haydar Aliev Ozarbayjondagi neft konlarini o‘zlashtirish maqsadida xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazdi. 1994 yilning 20 sentabr kuni Ozarbayjon hukumat va neft kompaniyasi jahondagi yetakchi neft kompaniyalari bo‘lmish “BP” (Britaniya) , “Amoco”, “Unocal”, “Exxon”, “McDermott” va “Pennzoil” (AQSh), “Lukoyl” (Rossiya), “Statoil” (Norvegiya) , “TPAO” , “Delta Nimir” (Saudiya Arabistoni) va “Ramco” (Shotlandiya) bilan “Asr Shartnomasini” imzoladi.
Garvard universiteti Professori Devid King ta’kidlaganidek, Haydar Aliev Ozarbayjon iqtisodini oyoqqa turg‘azdi. 1999 yanvarida Kembridj Xalqaro Biografiya Markazi Direktorlar Kengashi Haydar Alievga “XX asrning buyuk arbobi” unvonini berdi.
1998 yilning 11 oktabrida bo‘lib o‘tgan saylovda Haydar Aliev 76,1 foiz ovoz olib yana bir muddatga Ozarbayjon prezidenti etib saylandi. 1999 yilda X. Aliev infarktni boshdan kechirdi va jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. 2003 yil 21 aprel kuni Haydar Aliev Respublika Saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etib, nutq so‘zlaydi. Biroq nutq so‘zlayotganida yuragini ushlab qoladi. Qo‘riqchilar o‘z vaqtida yetib kelgani bois, ular prezidentning yiqilib tushishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Oradan 10 daqiqa o‘tib prezident o‘z nutqini davom ettiradi. Ammo nutq tugashi bilan u xushini yo‘qotadi. Bir daqiqa o‘tib o‘ziga kelgan H.Aliev yana bir bor xalqqa murojaat qilar ekan, ”Men sizlarga baxt-saodat, sihat-salomatlik va muvaffaqiyat tilayman” deydi. 6 avgust kuni Rossiya Favqulotda vaziyatlar vazirligiga qarashli samolyot Haydar Alievni Ogayo shtatidagi Klivlend shahriga olib keladi. U o‘sha yilning 12 dekabr kuni Klivlend kasalxonasida vafot etadi.
Bugungi kunda millat rahnamosi bo‘lmish Haydar Alievning nomi abadiylashtirilgan.
Bakudagi Saroy, xalqaro aeroport, Madaniyat markazi uning nomi bilan ataladi. 2000 yildan boshlab har yili 10 may kuni Baku Haydar Aliev xotirasiga bag‘ishlab “Gullar bayrami” o‘tkaziladi.
Ozarbayjonning barcha shaharlaridagi markaziy ko‘chalarga Haydar Aliev nomi berilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada Haydar Aliev nomida 60 ta muzey va madaniyat markazi faoliyat yuritadi.
Jahonning ko‘plab mamlakatlaridagi shaharlarda Haydar Aliev nomli ko‘cha va xiyobonlar bor. Toshkentdagi Haydar Aliev nomli Madaniyat markazi hovlisiga Haydar Aliev byusti o‘rnatilgan.
Sharofiddin To‘laganov