Ozodlikni cheklash jazosi berildi
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga ko‘ra, agar hukm qilingan shaxs jazo tariqasida tayinlangan jarimani belgilangan muddatlarda to‘lashdan bo‘yin tovlasa sud jarimaning to‘lanmagan miqdorini majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirilishi belgilangan.
Bosh Prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Chortoq tumani bo‘limi ish yurituvida sudlar tomonidan qo‘llanilgan jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda. Fuqaro Yu.Q. ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman cudining hukmiga asosan davlat foydasiga 17 million 840 ming so‘m jinoiy jarima qo‘llanilgan.
Mazkur hujjat Byuroning tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Qarzdorga jinoiy jarimani belgilangan muddatlarda to‘lanishi yuzasidan ogohlantirilgan. Biroq, uch oy davomida jarimani to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Davlat ijrochisi tomonidan jarima tariqasidagi jinoiy jazoni boshqa turi bilan almashtirish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritildi. Bo‘lib o‘tgan sud hukmiga asosan Yu.Q. ga nisbatan jazoning boshqa turi bilan almashtirildi hamda ozodlikni cheklash jazosi berildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tumani cudining hukmiga asosan fuqaro T.Ya. ga davlat foydasiga 14 million 977 ming 500 so‘m jarima undirish belgilangan. U ham majburiyatni bajarmay kelgani uchun sudga taqdimnoma kiritildi. Sud majlisi davomida unga ham ozodlikni cheklash jazosi berildi.
MIB Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan mazkur yo‘nalishdagi hujjatlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.