Ozodlik umidi hayotga oʻxshaydi
Atrofi baland simtoʻsiqli devor bilan oʻralgan bu maskanda faqat osmonga qaray olasan.
Atrofi baland simtoʻsiqli devor bilan oʻralgan bu maskanda faqat osmonga qaray olasan. Va yana xayolan erkin qush boʻlish, qalban sevganlaringni, ayniqsa, bolangni istagancha sogʻinish mumkin.
Boshqa hamma narsa, har bir harakatni erkin amalga oshirish taqiqlanadi. Bu yerga mahkum etilganlarning bari, joriy etilgan qatʼiy tartibga boʻysunishga majbur.
Tabiatan hur yashashni istaydigan inson bolasi borki, bunday vaziyatga tushsa, faqat ozodlik orzusi bilan kun sanaydi...
Ayollar koloniyasidagi katta zalga toʻplangan xotin-qizlarning yuzlariga, nigohlariga razm solib, shunday fikrlar kechdi dilimdan. Qorni toʻq, usti but boʻlsa ham nursizlashib ketgan bu chehralar erkin yashashning buyuk bir neʼmat ekanini anglatadi koʻrgan kishiga.
Toʻgʻri, hayotda har kim qilmishiga yarasha jazo topadi. Ammo qoʻlimizdagi beshta barmoq bir xil boʻlmaganidek, odamlar ham turfa xil. Xato qilishga moyil yoki bilmay adashganlar uchrab turadi. Biroq, ular ham odam. Ularni na yoʻqotib boʻladi, na voz kechib. Shuning uchun ham dono xalqimiz adashganni kechirish hikmatini yaratgan.
Baʼzan ayrimlar adashganlar haqida keskin fikr bildirib, ularni yoʻqotish kerak, deyishadi. Lekin hayot bir charxpalak yangligʻ aylanib, bir kun kelib ular adashganlar oʻrnida boʻlib qolmasligiga kim kafolat bera oladi? Oʻzi boʻlmasa farzandi yoki nabirasi shu koʻyga tushmasligiga-chi?
Zero, bagʻrikenglik, kechirimlilik kabi tushunchalar umuminsoniy qadriyatlardandir.
Davlatimiz siyosatida bunday insonparvarlik tamoyili kengroq aks etmoqda. Ilgari ozodlikdan mahrum etilganlar bir yilda bir marta beriladigan amnistiya aktini kutib yashardi. Shunda ham bu umumiy xarakterdagi aktning taʼsir doirasi unchalik keng boʻlmas, qisqa muddatga, yengilroq jinoyat sodir etganlarga nisbatan qoʻllanilar edi. Hozir esa qilmishidan pushaymon boʻlib, xatosidan toʻgʻri xulosa chiqargan mahkumlarni afv etish haqida yiliga bir necha marta Prezident farmoni eʼlon qilinmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumga muvofiq xotin-qizlarni kafillik asosida sud zalidan ozod qilish yoki ularni qamoqdan ozod qilish choralari koʻrilmoqda. Mazkur memorandum sharofati bilan joriy yilning oʻtgan davrida yuz nafardan ziyod xotin-qiz koloniyadan ozodlikka chiqarilib, oilasi bagʻriga qaytdi.
Bunga esa davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning jamiyatda xotin-qizlarga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirish boʻyicha qoʻyayotgan topshiriqlari yoʻl ochmoqda.
Jinoyatga qoʻl urgan ayol jazo olgani bilan farzandlarining qarovsiz qolayotgani, bu esa boshqa noxush holatlarni keltirib chiqarayotgani uchun ham ularni oilasiga qaytarish choralari koʻrilayotir. Zotan, ayollar jinoyatchiligi zamirida ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari vaqtida hal etilmayotgani yotibdi. Mutasaddilar zimmasiga esa ana shu muammolarga yechim topish, adashayotganlarni toʻgʻri yoʻlga solishdek masʼuliyat yuklangan.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasidagi navbatdagi tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova ayolning oʻrni oilada, farzandlari yonida ekaniga urgʻu berdi. Ulardan ayro tushishning oʻzi katta jazo ayol uchun. Shuning uchun ham qilmishidan pushaymon ayollarimizni imkon qadar oilasiga qaytarish, ularga toʻgʻri yoʻlni topishda koʻmaklashish choralarini koʻryapmiz. Lekin ozod boʻlayotgan opa-singillarimiz bu imkoniyatni suiisteʼmol qilmasligi kerak. Ular shunga qaramay yana jinoyat yoʻlini tanlasa, hozirgi xayrli ishlarga soya solgan boʻladi.
Tadbir doirasida Oliy sud raisining oʻrinbosari Xolmoʻmin Yodgorov raisligida sud majlisi boʻlib oʻtdi.
Oʻta ogʻir jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan mahkuma ayollarning Oliy sudga nazorat tartibida bergan shikoyatlari boʻyicha oʻtkazilgan sud jarayonida qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan 14 nafar ayolga oid ish koʻrib chiqildi.
Maʼlum boʻlishicha, ularning koʻpchiligi giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir qilgan boʻlsa, ayrimlari firibgarlik uchun sudlangan.
Samarqandlik Shohida ismli ayol geroin giyohvandlik vositasini sotayotganda qoʻlga olingan va 13 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ayolning 11 yildan ortiqroq umri panjara ortida oʻtgan. Ellik yoshni qarshilagan bu ayolning qilmishidan pushaymonligi, sogʻligi yomonlashgani sabab unga tayinlangan jazo yengilrogʻiga almashtirildi. Jazo muddatini oʻtab boʻlgani inobatga olinib, ozodlikka chiqarildi.
Ozod etilganini eshitib, ayol beixtiyor koʻziga yosh oldi. Berilgan imkon uchun minnatdorchilik bildirdi.
- Yolgʻizgina qizimning mehrimsiz ulgʻaygani meni koʻproq azobladi, - dedi Shohida opa biz bilan suhbatda. – Hatto uning oq libos kiyib turmushga chiqqanini oʻz koʻzim bilan koʻrish nasib qilmadi. Ona uchun bundan ogʻirroq jazo yoʻq. Oʻshanda arzimagan pulga qiziqib shu ishga qoʻl urgan boʻlsam, buning oqibati millionlab pulga sotib olib boʻlmaydigan baxtimdan meni mosuvo qilishini anglamagan ekanman. Hali yana 2 yilu 2 oy oʻtirishim kerak edi bu yerda. Shukrki, arizam inobatga olinib, ertaroq uyga qaytyapman. Buning uchun bu imkonni berganlardan minnatdorman. Tez kunlarda qizim ona boʻladi. Shunday paytda uning yonida boʻlaman. Ishonsangiz, bu yerda hatto yana ikki kun qoling, deyishsa, bunga koʻnmaydigan ahvoldaman. Shuning uchun bugun menga juda katta tuhfa berildi, degan oʻydaman. Bundan keyin faqat halol mehnat qilish niyatidaman.
Siz ozod etildingiz!...
Bu soʻz har safar yangraganda ishi koʻrib chiqilgan ayol birdan yigʻlab yuborar, zalda oʻtirganlar esa bu soʻzlar sharafiga qarsak chalishni kanda qilmasdi. Berilib qarsak chalsa, oʻziga tezroq navbat yetib keladigandek, shu soʻzni sharaflasa, bu oʻziga ham nasib qiladigandek umidlanardi, boshqalar.
Hayotda insonlar turli umidlar bilan yashaydi. Faqat OZODLIK UMIDI – HAYOTga juda oʻxshash ekan. Axir endigina tugʻilgan chaqaloqning birdan chinqirib yigʻlashi aslida HAYOT bilan yuzlashish sevinchi emasmi? Ozodlik umidi ijobati ham ana shu sevinch kabi, u ham yigʻlatadi.
Biroq, bu ikkinchi sevinchni topishdan koʻra, oʻsha sevinch ichra, yaʼni toʻgʻri va halol, erkin yashamoq totliroq.
Hech kimni ozodlikka zor qilmasin!