Bugun shunchaki erkinlik, mustaqillik va milliy ozodlikni orzu qilgani uchun jazo olganlar orasida emasmiz...
Mustaqillik. Bu so‘zni erkin ayta olish imkoniyatiga yetib kelguncha qancha qon to‘kilganini tarixiy manbalar aytganicha bilamiz. Lekin, bu so‘zning aytilishi qadrini har kim ham to‘liq tushunmasligi mumkin. Ayniqsa, bugungi yosh avlod mustaqillik nimaligini va bu so‘zni aytish qanchalik qadrli ekanini to‘la anglamaydi. Ular uchun mustaqillik tabiiy hol, kunlik hayotning bir qismi. Lekin tarixiy manbalarni o‘qir ekanmiz, buning uchun O‘zbek jadidlari qanday fidoyilik ko‘rsatganini anglay boshlaymiz.
Tarixdan ayonki, mustabid tuzum davrida yurtimizda ming-minglab odamlar qatag‘onga uchragan. Oilalari xonavayron bo‘lib, bolalari yetim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qirg‘in davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz o‘ldirilgan. Umuman olganda, 1937-53 yillarda O‘zbekistonda 100 ming odam qatag‘onga uchragan, ularning 13 ming nafari o‘ldirilgan. Afsuski, tazyiqlar bu bilan cheklanib qolmagan.
O‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab yurtdoshlarimiz adolatsizlik qurboni bo‘lgan. “Paxta ishi” va “O‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan respublikamiz bo‘yicha 40 ming kishi tergov qilingan, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Sovet Ittifoqining totalitar rejimi qatag‘onning asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘riladi. Qatag‘on natijasida inson huquqlari keng miqyosda buzilgan, fikr erkinligi, so‘z erkinligi va boshqa asosiy huquqlar cheklangan. Sovet Ittifoqi davridagi siyosiy qatag‘on asosan intellektual elita – ziyolilar, olimlar va ijodkorlarga qaratilgan edi. Ular xalqning madaniy, ilmiy va siyosiy hayotida yetakchi rol o‘ynaganlari sababli Sovet rejimi ularni potensial tahdid sifatida ko‘rgan. Bu shaxslarning ozod fikrlari, ilmiy yutuqlari va ijodiy ishlari rejimning yakkahokimligini savol ostiga qo‘yishi mumkin edi. Shu sababli, ko‘plab ziyolilar, yozuvchilar, shoirlar, olimlar va boshqa ijodkorlar qamoqqa olindi, surgun qilindi yoki o‘ldirildi.
Buning oqibatida milliy madaniyat va ilm-fan rivoji jiddiy zarar ko‘rdi va bu ta’sirlar hozir ham sezilmoqda. Bizdan keyingi avlod erkin nafas olsin, o‘z ona tilida gaplasha olsin, milliy qadriyatlarini saqlasin deb jon fido qilganlarni bugun yodga olishimiz, ular haqida bilishimiz va bildirishimiz shart, aslida.
Sovet hokimiyati davrida asarlari va faoliyati uchun hayotlaridan ayrilgan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Usmon Nosir, Fayzulla Xo‘jayev kabi buyuk shaxslarning hayoti va ijodiy merosi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz bilan birga, ularni minbarlarda, katta-kichik davralarda doim faxr bilan yodga olinadigan, namuna qilib ko‘rsatiladigan shaxslar sifatida ko‘rsatishimiz kerak.
Hozirgi kunda milliy madaniyatimizni tiklash va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq, qatag‘on davrida yo‘qotilgan asarlarni, ilmiy maktablar va an’analarni qayta tiklash oson emas. Shunga qaramay, bu boradagi ishlarni ishchil davom ettirishimiz lozim.
Shu o‘rinda, ularning hayoti, ijodiy merosi va erishgan yutuqlari O‘zbekiston tarixida muhim o‘rin tutishini yana bir bor eslatib o‘tishimiz joiz. Masalan, Abdulla Qodiriy – o‘zbek tilida yozilgan ilk romanlardan birini yaratdi va bu asarlar bugungi kunda ham o‘zbek adabiyotining noyob namunalari sifatida qabul qilinadi. Yoki Abdurauf Fitrat – unga o‘zbek ziyolilari ichida birinchilardan bo‘lib professor ilmiy unvoni berilgan. Yoxud Munavvarqori Abdurashidxonov. Cho‘lpon, Akmal Ikromov e’tirofiga ko‘ra, Munavvarqori tom ma’noda dohiy bo‘lgan. U zamonasi uchun ham, keyingi davrlar uchun ham milliy ta’lim dasturini yaratdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy esa «Padarkush» nomli birinchi o‘zbek dramasini yozdi va milliy teatrning shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Yoki Usmon Nosir haqida shoir Turob To‘la: “Usmon she’riyatimizga shamolday kirib keldi. Balki bo‘ronday! U shunday to‘polon va to‘lqin bilan keldiki, uncha-muncha she’riy uslub va ijodni to‘s-to‘s qilib yubordi. Uni o‘zimizda “O‘zbekning Lermontovi”, Moskva gazetalarida “Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi”, deb yozishdi”, – deydi. Umuman olganda, ro‘yxat uzun, takrorlanmas ta’riflar bisyor…
Demoqchi bo‘lganimiz, yaqinda Mustaqillik bayrami. Bu nafaqat hozirgi kunning bayrami, balki o‘tgan asrning buyuk qahramonlariga ham bag‘ishlangan. Bayramni nishonlar ekanmiz, ularning jasoratini va mashaqqatli yo‘lini unutmasligimiz shart. Shu orqali o‘tmishning saboqlaridan ibrat olib, kelajagimizni yanada porloq qilishimiz mumkin.
Umidjon Qurbonov,
O‘zA