6 iyun kuni poytaxtimizdagi Pushkin haykali joylashgan maydonda taniqli rus shoiri Aleksandr Pushkin tavalludining 223 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekistondagi rus madaniyat markazi, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, taniqli ijodkorlar, adabiyotshunoslar, san’atkorlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochib berdi.
– Rus adabiyotida Aleksandr Pushkin siymosi alohida o‘rin tutadi, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Shunisi ahamiyatliki, bir umr ozodlik va hurlikni, mehr va muhabbat, yuksak insoniy tuyg‘ularni kuylagan shoir rus xalqi uchun qanchalar sevimli bo‘lsa, o‘zbek kitobxoni uchun ham shunchalar ardoqlidir. Balki, bu uning she’riyatidagi yuksak badiiyat, ko‘ngil ozodligi, yoniq muhabbat, pokiza iztiroblar, teran ma’nolar, g‘arbona ohanglar ostidagi sharqona ruh, hikmat sadolarining sezilib turishi bilan bog‘liqdir.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov va boshqalar Pushkinning jahon adabiyotiga qo‘shgan hissasi haqida atroflicha so‘z yuritdilar.
Taniqli shoirlar Pushkin ijodidan yangi tarjimalarni o‘qib eshittirdi. Yosh ijodkorlar shoir she’rlaridan namunalarni o‘zbek va rus tillarida o‘qidi.
Tadbirda mamlakatimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashayotgani, ularning milliy bayram hamda marosimlari nishonlanayotgani davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvar siyosat ifodasi ekani alohida ta’kidlandi.
Qardosh adabiyotlar qatori XX asr o‘zbek adabiyotining taraqqiyotida Pushkin ijodining ta’siri sezilarlidir. Xususan, uning ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Masalan, “Boris Godunov”, “Dubrovskiy”, “Kavkaz asiri” Cho‘lpon tomonidan (1936-37), “Yevgeniy Onegin” Oybek tomonidan (1937), “Boqchasaroy fontani” Usmon Nosir tomonidan (1937), “Kapitan qizi” asari Abdulla Qahhor tomonidan (1939), “Ruslan va Lyudmila” Mirtemir tomonidan (1948) o‘zbek tiliga o‘girilgan.
bugungi kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari – Mirzo Kenjabek, Minhojiddin Mirzo, Humoyun Akbar singari ijodkorlar Pushkin ijodidan tarjimalar qilmoqda. 2020 yili Pushkinning shu paytga qadar tarjima qilinmagan asarlari Humoyun Akbar tomonidan tarjima qilinib, kitob holida chop etildi.
bugungi kunda davlatimiz rahbari tavsiyasi bilan O‘zbekistonda “Rus adabiyoti durdonalari” nomli 100 jildlik asarlar majmuasi chop etildi. Majmuaning dastlabki ikki jildi Pushkin ijodiga bag‘ishlangan. Ularning 1-jildiga shoirning she’rlari, 2-jildiga nasriy asarlari kiritilgan.
Toshkentda Pushkin nomida ko‘cha, metro bekati va maydon bor. Pushkinning tug‘ilgan kuniga 170 yil to‘lishi munosabati bilan 1969 yil Toshkent shahrida shoirga haykal o‘rnatilgan.
Rus tilida ijod qilgan, rus adabiyotidan tarjimalar qilgan, rus adabiyoti va madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun chet ellik ijodkorlarga Rossiyada Pushkin nomidagi mukofot joriy etilgan. O‘zbekistonlik ijodkorlar Aleksandr Faynberg, Aleksey Ustimenkolar ushbu mukofotga loyiq ko‘rilgan.
Tadbir so‘ngida Pushkin haykali poyiga gullar qo‘yildi. Rus milliy madaniyat markazi tomonidan shoir ijodiga bag‘ishlab tayyorlangan badiiy-ma’rifiy dastur namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA