Ozod, faol, birdam xalq – hamisha gʻolib
Har yili katta tantanalar, shukronalik bilan oʻtkaziladigan Mustaqillik bayramimizni koronavirus pandemiyasi sabab boshqacha ruhda kutib olmoqdamiz.
Mustaqilligimizning 29 yilligiga
Har yili katta tantanalar, shukronalik bilan oʻtkaziladigan Mustaqillik bayramimizni koronavirus pandemiyasi sabab boshqacha ruhda kutib olmoqdamiz. Kasallik tufayli butun dunyo aholisining turmush tarzi oʻzgarib ketdi. Shu bilan birga koʻp narsalarning mohiyati, mazmuni ham oʻzgargani bor gap.
Oʻzi shu kabi murakkab vaziyatlarda davlatlar mustaqilligi, xalq, hukumat va parlament birdamligi qay darajada ekanligi yaqqol namoyon boʻladi. Zero, oʻzini mustaqil deb hisoblagan har qanday mamlakat aholi, fuqarolar manfaatini himoya qila olishi lozim. Joriy yilgi pandemiya sharoitida Oʻzbekiston har qanday vaziyatda ham ichkaridagi va tashqaridagi fuqarolarini asray olish salohiyati mavjud ekanligini koʻrsatib berdi. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatlararo qatnovlar toʻxtatilgan bir sharoitda 60 mingga yaqin fuqaromizning charter reyslar orqali olib kelinishi va ularning sogʻligʻi toʻgʻrisida qaygʻurilayotganining oʻziyoq koʻp narsadan darak beradi. Shu bilan 40 mingdan ortiq kasallangan bemorni davolash, dori-darmon, ovqatlanish xarajatlarining barchasi davlatimiz tomonidan qoplab berilayotgani “Bu yurtda inson va uning manfaatlari aziz” tamoyilining amaliy ifodasi boʻlib xizmat qilmoqda.
Taʼbir joiz boʻlsa, mazkur vaziyat har bir mamlakatning sogʻliqni saqlash tizimini imtihondan oʻtkazdi. Shu oʻrinda Prezidentimiz tashabbusi bilan sogʻliqni saqlash sohasida toʻrt yil oldin boshlangan islohotlar naqadar dolzarb va oʻz vaqtida amalga oshirilganining guvohi boʻlayapmiz.
Misol uchun, sogʻliqni saqlash tizimiga davlat byudjetidan yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar yildan-yilga oshib bormoqda. 2016-yilda bu summa 5,449 trillion soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilda 2 baravar ortiq mablagʻ ajratildi.
Shu bilan birga, dori vositalariga ajratilgan mablagʻlar ham oshib bormoqda. Misol uchun, soʻnggi uch yil davomida tez tibbiy yordamdan foydalanganlik kesimida dorilarga ajratilgan summa 482 soʻmdan 5800 soʻmgacha koʻpaygan, QVPda bir bemorni qabul qilish kesimida 1825 soʻmdan 3700 soʻmgacha, koʻp tarmoqli poliklinikadagi qabul uchun esa 1654 soʻmdan 4800 soʻmgacha oshirilgan. Darhaqiqat, ushbu oʻzgarishlar bugungi sinovli kunlarda oʻz hosilini bermoqda. Zero, iqtisodiyoti baquvvat, manaman degan davlatlar ham kasallanganlarga, karantindagilarga joy, oziq-ovqat topolmay qolganini koʻrganda, davlatimiz va uning rahbariyati fuqarolar uchun qilgan saʼy-harakatlarning qadri yana-da yorqinroq namoyon boʻladi.
Umuman olganda, joriy yilda qabul qilingan barcha normativ-hujjatlar, oʻtkazilgan yigʻilishlar “Inson manfaatlari eng oliy qadriyat” gʻoyasi asosida shakllantirilayotganini koʻrishimiz mumkin. Buni “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakatining tashkil etilgani va uning keng qamrovli faoliyatida, tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha imtiyozlar, aholiga kredit taʼtillari berilganida guvohi boʻlishimiz mumkin. Albatta, bu kabi kulfatlarga qarshi kurashda birlasha olish koʻp narsani anglatadi. Xalqimiz ham karantin qonun-qoidalariga amal qilish, muhtojlarga yordam qoʻlini choʻzish orqali yagona kuchga aylandi.
Oʻz navbatida, vakillik organlari – parlament aʼzolari va joylardagi mahalliy Kengash deputatlari ham pandemiya boshlangan mart oyidan hozirgi kunga qadar toʻxtovsiz oʻz faoliyatlarini olib borishdi.
Xususan, Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz aʼzolari qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati bilan birga joylarda koronavirusni davolash muassasalari, karantin hududlarida yaratilgan sharoitlar, sanitariya-osoyishtalik qoidalariga amal qilish, bozorlar, dorixonalardagi narx-navolar holati kabi masalalarni muntazam oʻrganib borishdi.
Shu bilan birga mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda har bir hududning pandemiyaga qarshi kurashishda koʻrayotgan choralari, karantin qonun-qoidalarini yumshatish yoki qatʼiylashtirish masalasi muntazam muhokama qilib borildi.
Ushbu jarayonlarda mahalliy Kengashlardagi deputatlar faoliyati ham sezilarli ravishda jonlanganini kuzatdik. Xalq vakili nomiga sazovor boʻlgan deputatlarimiz “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakatining faol ishtirokchisiga aylandi. Xalqimiz ishonchiga munosib boʻlish yoʻlida muhtojlarga yordam bergan, koʻplab oilalarni otaliqqa olgan, ish bilan band etgan deputatlarni har bir hududda uchratishimiz mumkin.
Albatta, hukumat, xalq, parlamentning birgalikdagi harakati natijasida kasallanish koʻrsatkichi kamayib, sogʻayishi koʻrsatkichi 90 foizdan oshgan holda, vaziyat kundan-kunga yaxshilanib bormoqda. Bu hukumat tomonidan koʻrilgan choralar naqadar toʻgʻriligini hamda xalqimiz borgan sari pandemiya sharoitida ishlash va yashashga yetarli koʻnikma hosil qilayotganini koʻrsatadi.
Afsuski, joriy yilda eng ulugʻ, eng aziz bayram yurtimiz mustaqilligining 29 yillik ayyomini har yilgidek bayram tomoshalari, sayillar shaklida oʻtkaza olmayapmiz. Ammo bu holat bayram shukuhini, qadrini zarracha pasaytira olmaydi. Ushbu bayram har bir fuqaromizning qalbidan joy olgan. Shu boisdan Prezidentimizning ushbu ulugʻ sanani oila davrasida, uyda nishonlash boʻyicha taklifini xalqimiz toʻgʻri qabul qildi. Vaziyatni toʻgʻri anglagan yurtdoshlarimiz, Navroʻz, Ramazon va Qurbon hayitlari, Xotira va qadrlash kuni kabi umumxalq bayramlarini karantin qonun-qoidalariga rioya qilgan holda oʻtkazdi. Shuning uchun xalqimiz ushbu ayyomni ham belgilangan tartib qoidalar asosida oʻtkazishiga hech qanday shak-shubha yoʻq.
Mustaqillik fuqarolarimizga ozodlikni taqdim etgan boʻlsa, soʻnggi yillardagi islohotlar xalqimizning faolligini oshirdi, koronavirus pandemiyasi esa bizga birdamlikni oʻrgatdi. Bejizga jonajon Vatanimiz qudrat manbai, saodat maskaniga aylanmayapti. Endilikda koʻrinar-koʻrinmas yovlar bizni ortga chekinishga, toʻxtashga majbur qila olmaydi. Zero, ozod, kelajagini oʻzi qurishni istovchi, faol va birdam xalq koʻzlagan, niyat qilgan har qanday choʻqqini zabt eta oladi.
Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi spikeri oʻrinbosari,
“Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi.