O‘zMTDP: ko‘tarinkilik va shijoat namunasi
2024 yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida eng yuqori natijaga erishishni bosh maqsad qilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, partiya hududiy kengashlari tomonidan tashkil etilayotgan o‘quv-seminarlarida saylovlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish va ishtirok etish bilan bog‘liq masalalar muhokama markazida bo‘ldi. Davlatobod tumanidagi “Atour” mehmonxonasi anjumanlar zalida uyushtirilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisining o‘rinbosari Nodirbek Tilovoldiyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Umidjon Jabborovning taqdimotlarida saylov qonunchiligi, unga kiritilgan o‘zgartishlar, proporsional, majoritar va aralash saylov tizimi, uning o‘ziga xos jihatlari, siyosiy jarayonga partiyaning tadorigi, tajribalar va tashabbuslar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

– “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” sari yuksalish jarayonlari bilan hamqadam borayotgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yangicha saylovlarga katta shahd va yuksak ko‘tarinkilik bilan bormoqda, – deydi partiyaning Namangan viloyati kengashi raisi Dilnoza Azizova. – Partiyaning tashabbuslarida, amaliy jarayonlarda buni yaqqol ko‘rish mumkin. Mintaqaviy seminar ham buning yorqin ifodasi sifatida g‘oyat samarali o‘tdi. Qizg‘in jarayonlarda o‘tgan seminarda Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan ishtirokchilar saylov qonunchiligi va yangi jarayonlarni tashkil qilish borasida ko‘plab bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.


Partiyaning Namangan viloyati kengashi imzo yig‘ish jarayonlarida ham alohida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, “Milliy tiklanish” faollari tomonidan imzo yig‘ish jarayoni “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonasi bo‘lib, unga yig‘ilgan saylovchilar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasini qo‘llab-quvvatlab, imzo varaqasini to‘ldirdi.


– O‘zim “Milliy tiklanish” a’zosiman. Partiyaning ezgu g‘oyalari hamda bo‘lajak saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlab, imzo qo‘ydim, – deydi tadbir ishtirokchisi, “Yoshlar qanoti” faoli Nodira Omonova. – Va bu, shubhasiz, to‘g‘ri tanlov. O‘ylaymanki, partiya saylovlarda munosib natijalarga erisha oladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.