“O‘zmilliybank”AJ: yangicha tizim, yangicha yondashuv samaralari
Mamlakatimizda yangi iqtisodiy rivojlanish bosqichida xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu boisdan 2021-2022 yillarda servis tarmog‘ining kamida 50 foizga o‘sishini ta’minlash bo‘yicha 2021 yilda “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022 yilda “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi huquqiy, moliyaviy va tashkiliy jihatdan muhim qarorlar qabul qilindi.
Mazkur qarorlar xizmatlar sohasini yanada kengaytirish, tarmoqdagi kichik korxonalar va mikrofirmalarni imtiyozli kreditlash, tadbirkorlarga imtiyozli soliq stavkalarini joriy etish, biznesni rivojlantirish uchun infrastrukturalarni yaxshilash uchun yetarlicha rag‘bat bo‘ldi.
Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2021 yilda mas’ul bank sifatida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati biriktirildi. Bank tashabbuskorligi va boshqa tijorat banklarining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi tufayli o‘tgan davr mobaynida poytaxtning xizmatlar sohasidagi natijalari yanada yaxshilandi. Jumladan, tadbirkorlar tomonidan shu kunga qadar jami 327,3 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Xizmatlar hajmi 2022 yilga nisbatan 1,7 barobarga o‘sdi. Shuningdek, yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi 2,4 barobarga, moliya, sug‘urta, aloqa-axborotlashtirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlari hajmi 1,8 barobarga oshgan. Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 1,6 barobarga o‘sib, 47,2 million so‘mga yetkazilgan.
“O‘zmilliybank” AJ tashabbusi bilan Toshkent shahri bo‘yicha 26,7 mingta tadbirkorlarning servis tarmog‘idagi loyihalari qo‘llab-quvvatlanib, ularga tijorat banklari tomonidan jami 46,1 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Bundan tashqari, o‘tkazilgan chora-tadbirlar natijasida faoliyatini norasmiy sektordan rasmiy sektorga o‘tkazish orqali o‘tgan davrda xizmatlar sohasidagi 157 ming nafar fuqarolarning bandligi legallashtirildi. Shu bilan birga, sohada o‘tgan davr mobaynida 167 ming nafar fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilishiga erishildi.
O‘zmilliybank tomonidan xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash borasida o‘tgan 6 oy davomida bir qator istiqbolli loyihalar ishga tushirildi. Xususan, mamlakatimizda xususiy Oliy ta’lim muassasalari soni yil sayin kengayib borayotgani fikrimizga quvvat. Birgina o‘tgan 2022 yil davomida 8 nodavlat oliy ta’lim tashkiloti faoliyat boshlash bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan. Ular orasida Bektemir tumanida joylashgan "PROFI UNIVERSITY" ham bor. Ushbu ta’lim dargohining faoliyat boshlashi Oliy ta’limda sifat va raqobat muhitini oshirish bilan birga, tumanning xizmatlar sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishga zamin yaratadi. Loyiha qiymati 20 milliard.so‘m bo‘lgan mazkur Oliy ta’lim maskanida bugun talabalar pedagogika va menejment yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda.
– Bizni universitetimizni Toshkent va Navoiy shahri filiallari bor. Ta’lim dargohimizda 13 yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaymiz. Asosiysi, talabalar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, talabalar bu yerda davlat granti asosida o‘qib, universitet tomonidan beriladigan stipendiyalarni olish imkoniyatiga ega. Hozirgi kunda Oliy ta’lim muassasamizda 5000 dan ortiq talaba o‘qimoqda. Qolaversa, universitetimiz xorij davlatlaridagi nufuzli Oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Undagi qo‘shma dasturlarimiz orqali xorijlik professorlar bizning filiallarga kelib ta’lim bersa, bizning o‘qituvchilar chet elda bilim va malakasini oshirib, tajriba o‘rganib qaytmoqda, – deydi "PROFI UNIVERSITY" qabul komissiyasi raisi Jamshid Barotov.
Bektemir tumanida xizmatlar yo‘nalishida tibbiyot sohasida ham istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Husayn Boyqaro ko‘chasida joylashgan "HEALTHY HEART HOSPITAL" xususiy klinikasi kardiologiya, nevrologiya, endokrin kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu yerda nafaqat tezkor tashxis orqali davolash, yurakni stendlash muolajalari ham yo‘lga qo‘yilgan. Umumiy qiymati 13 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyihaning ishga tushishi natijasida markazda 50 dan ortiq shifokor va hamshiralarning bandligi ta’minlanishiga erishildi.
– Ish faoliyatimizning boshlanishida 70 foiz o‘z mablag‘imiz hisobidan bo‘lsa, 30 foizdan ortiq mablag‘ “O‘zmilliybank” AJ ning Bektemir tumaniga qarashli filialidan kredit sifatida ajratildi. Ayni paytda klinikamizda 60 nafar bemor statsionar davolanadigan o‘rin va ikkita jarrohlik bloki mavjud. Muassasa barcha zamonaviy tibbiy uskunalar: UZI, 3D, 4D , lazer apparatlari bilan jihozlangan. Bektemir tumani vodiy tomonga yaqin masofada bo‘lgani bois, nafaqat poytaxtdan, shuningdek, vodiydan ham bemorlar murojaat etadi. Qolaversa, qo‘shni respublikalar Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ham bemorlarning davolanib ketishiga sharoit yaratganmiz, – deydi klinika rahbari Abduvohid Sobirov.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun tumandagi servis tarmog‘i rivojida O‘zmilliybank tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar tadbirkorlar hamda ishbilarmonlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Bu ham yangi ish o‘rinlari vujudga kelishi, hududning ijtimoiy, ham iqtisodiy infrastrukturasi uchun ijobiy xizmat qilmoqda.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati
O‘zA