Avval xavbar berganimizdek, “O‘zmilliybank”AJ Matbuot xizmati tashabbusi bilan OAVlari vakillari ishtirokida Andijon viloyati bo‘ylab Press-tur tashkil etildi. Unda bankning moliyaviy ko‘magi asosida faoliyat ko‘rsatib, hududning iqtisodiy strukturasi o‘sishi hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasining rivojlanishida kamarbasta bo‘layotgan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilindi.
Viloyatning Izboskan tumanidagi mana bu joylar qachonlardir tashlandiq va xaroba holda edi. Endi esa tumanning eng gavjum va aholi farzandlari bilan dam oladigan sevimli maskanga aylandi. “Zero Fresh” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mazkur restoranda mijozlarga Yevropa va milliy taomlarni taqdim etadi. Asosiysi bu yerda oilaviy dam olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bolalar uchun ajratilgan hududda barpo etilgan atraksionlar har qanday mavsum uchun xizmatga shay. Umumiy qiymati 2 milliard 300 million so‘m bo‘lgan mazkur restoran xizmati uchun bankdan 2 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i ajratilgan.
-Faoliyatimizni boshlaganimizdan toki shu kunga qadar Milliybank bilan hamkorlikda ishlab kelamiz, -deydi tadbirkor Sardorbek Boqijonov. -Biznesni dastavval oila a’zolarimiz bilan boshlaganmiz. Ishchilar ham shulardan iborat bo‘lgan. Lekin berilgan moliyaviy ko‘mak natijasida faoliyatimiz kengayib, ish o‘rni ham oshib bordi. Bundan tashqari milliy shirinliklar ishlab chiqarish faoliyatini ham yo‘lga qo‘ydik. Hozirda mazkur loyihalarning ishga tushishi natijasida 70 nafarga yaqin ishchi o‘rni yaratildi. Bu hali hammasi emas. Boisi xizmatlar yo‘nalishiga bo‘lgan talab va ehtiyoj kun sayin oshib bormoqda. Natijada biz yana yangi xizmatlarni ishga tushirishni mo‘ljallamoqdamiz.
Keyingi yillarda Andijon viloyatining yengil sanoat, xususan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyati ortib bormoqda. Mazkur yo‘nalishda yangi-yangi korxonalar ish boshladi, mavjudlarining o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirdi. Jumladan, Jalaquduq tumani Tuyalas mahallasida faoliyat olib borayotgan “BIZNES ERKIN TEX” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham “O‘zmilliybank”ning moliyaviy ko‘magida o‘z faoliyatini yanada kengaytirdi.
Bank tomonidan ajratilgan 4 million dollar miqdoridagi kredit hisobiga korxonaga Yaponiya davlatidan eng zamonaviy tikuv mashinalari, turli dastgoh va jihozlar keltirilib, o‘rnatildi.
Korxonamiz “Samo” brendi ostida 200 dan ortiq turdagi bolalar, ayollar va erkaklarning tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaradi, - deydi korxona rahbari Bahtiyorjon To‘lqinov. – Mahsulotlarimiz Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina hamda bir qator Yevropa davlatlariga eksport qilinadi.
“O‘zmilliybank” ko‘magida faoliyatimiz yanada kengaydi. Umuman, faoliyatimizni kengaytirish, mahsulotlarimiz siftini xalqaro talablarga mos, raqobatbardosh bo‘lishida, shubhasiz, milliy bank ko‘magida xarid qilingan dastgoh va texnologiyalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni kunda 500 nafarga yaqin kishi mehnat qilayotgan mazkur korxonada ishchi va xodimlarning samarali ish olib borishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, ishchilarning ishga borib-kelishi uchun transport, bepul tushlik, tibbiy xizmat, dam olish xonalari tashkil etilgan.
Press-tur ishtirokchilarining so‘nggi lokatsiyasi Marhamat tumanidagi “Hayot shifo maskani” klinikasi bo‘ldi. Joriy yilning avvalida ish boshlagan tibbiy markaz bugun bemorlarga ambulator va statsionar xizmatlarni yo‘lga qo‘ygan. Markaz poliklinika va sihatgohdan iborat bo‘lib, Bank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘i klinikaning jihozlanishi uchun sarf etilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan tadbirkor hamda tadbirkorlik sub’ektlarining tashabbus va loyihalarini, shu bilan birga, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari