O‘sish va muvaffaqiyat haqidagi fikrlaringizni hamda odatlaringizni o‘zgartirishda zarur bo‘lgan qurol va strategiyalarga ega bo‘lish istagi paydo bo‘ldimi?
Xoh chempionatda g‘alaba qozonishni istayotgan jamoa bo‘ling, xoh sohaga qayta jon berishga umid qilgan tashkilot xodimi yoki maqsadga erishish yo‘lidagi oddiy bir inson bu kitob aynan siz uchun.
Yozuvchi Jeyms Klir qalamiga mansub “Atom odatlar” kitobi biologiya, psixologiya va boshqa eng ishonchli g‘oyalarga suyanadi. Mutolaa davomida kitobxon Olimpiadadagi oltin medal sohiblari, yetakchi biznesmenlar, inson hayotini saqlab qolgan shifokorlar o‘z kasbini ustasi bo‘lishda ko‘rinmas odatlar ilmidan foydalangani hamda sohada eng zo‘riga aylangani haqidagi hayotiy hikoyalarini o‘qib ruhlanadi.
[gallery-21340]
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan xodimlarning ish vaqtidan tashqari bo‘lgan vaqtini yanada mazmunli o‘tkazishni ta’minlash, kasbga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish hamda atrofdagilar bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Kitobxonlik klubi” tashkil etildi. Unda yilning har bir oyi uchun eng sara asarlar tanlab olinib, kitobxon xodimlar o‘rtasida oyning oxirgi juma kunlarida onlayn platforma orqali muhokama o‘tkazilmoqda. Yanvar oyining tanlangan asari sifatida mutolaa etilayotgan “Atom odatlar” kitobi bank xodimlarida yuqoridagi singari ijobiy taassurotlarni uyg‘otayotgani bilan ahamiyatli, bo‘ldi deyish mumkin.
–Mazkur klubning tashkil etilishi, xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro muloqotning yaxshilanishi va mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani bilan e’tiborga molik, – deydi Xodimlar bilan ishlash departamenti mutaxassisi Malika G‘afurjonova. – Eng muhimi, tanlanayotgan va tavsiya etilayotgan kitoblarning barchaga birdek manzur kelayotgani klub a’zolari soni kundan -kunga ortishiga xizmat qilyapti. Asosiysi, onlayn muhokamalarda nafaqat Bosh ofis yoki Toshkent shahar Bosh Boshqarmasi, shuningdek, hududiy bo‘linmalar xodimlari ham ishtirok etmoqda. Turli yosh va qarashlar asosida o‘qilayotgan kitobdan olingan xulosalar ham rang-barangligi bilan yanada qiziqarlidir. “Kitobxonlik klubi”ning maqsadi bank xodimlarining ishdan tashqari vaqtlarini samarali tashkil etish bilan birga ularning dunyoqarashini oshirishdan iborat.
Ta’kidlash kerak, klub faoliyati davomida boshqaruv tizimidagi rahbar xodimlarning tavsiyasi asosida Djon Shoulning “Raqobatbardosh aktiv sifatida birinchi darajali xizmat” kitobi va Leonid Krolning “Rahbarning hissiy intellekti” nomli asarlarini ham birgalikda mutolaa qilib, qizg‘in muhokama olib borishdi.
– Aslida, tanlangan asarlar nafaqat biz uchun notanish bilimlar, ma’lumotlarni o‘rgatadi, shuningdek, o‘z sohamizda yangi g‘oya hamda tashabbuslar bilan chiqish istagini paydo qiladi. Kasbimizda o‘sish va muvaffaqiyat qozonishda zarur bo‘lgan odatlarni shakllantiradi, – deydi Bank tarmoqlari va servisni rivojlantirish departamenti Bank servisini rivojlantirish va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Sultanov.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zmilliybank” AJ o‘z muvaffaqiyatini intellekt jihatidan yuksak, ma’naviy yetuk, o‘z sohasida ilg‘or bo‘lgan kadrlar salohiyatida ko‘radi. “Kitobxonlik klubi” ana shunday maqsadlar uchun pillapoya bo‘lishi shubhasiz.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati