Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbarining “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va “O‘zmilliybank” AJga oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilarining ishga joylashtirishiga ko‘maklashishga qaratilgan “Kelajakka qadam”dasturini amalga oshirish to‘g‘risida topshiriq va vazifalar belgilandi. Qarorga ko‘ra,
- o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirish;
- oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish singari yo‘nalishlar qayd etildi.
Shuningdek, dasturni amalga oshirish maqsadida “O‘zmilliybank” AJga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yoshlarning g‘oyalarini moliyalashtirish maqsadida 80 million AQSH dollari miqdorida kredit va 20 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida talabalarni kasbga tayyorlash hamda ularning kasbiy amaliyot o‘tash xarajatlarini moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Andijon davlat universitetida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan “Kelajakka qadam” markazining hududiy bo‘limi ochildi. Hamkorlik bo‘yicha ilk memorandum imzolandi. Oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan “Kelajakka qadam” markazi yoshlarning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos malaka va ko‘nikmalar bilan ta’minlash hamda bank sektoridagi ish o‘rinlariga jalb qilishni ko‘zlaydi. Kelishuv doirasida talabalarga amaliy tajriba orttirish bilan bir qatorda stajirovka va ish bilan ta’minlash bo‘yicha ham keng imkoniyatlar yaratiladi.
Ta’kidlash joiz, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida respublikamizning barcha OTM da bosqichma-bosqich markazlar tashkil etilib, tomonlar o‘rtasida memorandum tuzilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur hamkorlik kelishuvi esa yosh mutaxassislarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini ta’minlash, ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish va ish beruvchilarning malakali kadrlar bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati