“O‘zmilliybank”AJ ishbilarmonlarning ishonchli hamkori
Bugun hamma qulaylikka intiladi. Yashash tarzida, kasbiy faoliyatida, kundalik odatlari bo‘lgan har bir harakat va odatida bunga ehtiyoj sezadi. Qolaversa, texnologiyalarning rivojlanganligi, xizmat ko‘rsatish sifatining tobora yaxshilanib borayotgani ham vaqtimizni tejab, turmush tarzimizning yuksalib borayotganidan darak beradi. Aslida zamonaviy jamiyatning talabi ham shunday bo‘lishi kerak. Bu aholining yashash sifati, ish bilan bandligi va ijtimoiy-iqtisodiy darajasining oshishini ta’minlaydi. Keling, shu o‘rinda servis tarmog‘ining bugungi ahvoli haqida to‘xtalib o‘tsak. Birgina Toshkent viloyati misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga hududda, tadbirkorlik sub’ektlari salmog‘i oshdi.
Jumladan, o‘tgan 2022 yilda yangi 3606 ta tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, ularning soni jami 35168 taga yetdi. Qolaversa, 4 830 ta yangi loyihalar ishga tushirilib, tadbirkorlar tomonidan qariyb 26 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilganligi qayd etildi. Natijada, aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 118 foizga o‘sib, 7,4 million so‘mdan 8,7 million so‘mga yetkazilishiga erishildi.
Shuningdek, o‘tkazilgan chora-tadbirlar natijasida jami 15 mingta tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish hamda loyihalarni ishga tushirish hisobiga 26 mingta doimiy ish o‘rinlari tashkil etildi.
Shu bilan birga faoliyatini norasmiy sektordan rasmiy sektorga o‘tkazish orqali 4,1 ming nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, sohada 50 mingdan ziyod fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilgan. Aytish joizki, o‘tgan 2022 yilda viloyatda xizmatlar sohasida O‘zmilliybank tijorat banklari bilan birgalikda 5,2 mingta tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 2,9 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.
Jumladan, xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish maqsadida 2,1 mingta loyihaga 1,2 trillion so‘m, savdo sohasini rivojlantirish maqsadida 1,9 mingta loyihaga 939,8 milliard so‘m, aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida 1,1 mingta loyihaga 756,6 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.
“O‘zmilliybank” AJ Toshkent viloyati filiali tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Bo‘stonliq tumanida “VIP LOGISTICS” MCHJ QK tomonidan qiymati 19 237 205,22 AQSH dollari bo‘lgan dam olish maskani loyihasi uchun “O‘zmilliybank” AJ Nurafshon amaliyot bank xizmatlari markazi tomonidan 6 milliardga yaqin AQSH dollari miqdorida kredit ajratildi. 70 gektar hududning 9,5 gektarini egallagan qurilish maydonida ish muvaffaqiyatli olib borildi.
– Faoliyatimiz avtomobil transportida yuk tashish, mehmonxona va ijara bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishdan iborat, – deydi loyiha rahbari Dilmurod Rahmatullayev. — Asosiysi, dam olishga kelgan mehmonlar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish. Sababi hududimiz aynan Chorvoq suv ombori bo‘yida joylashgan. Bu yerga keladigan ko‘pchilik sayyohlar, tabiatdan bahra olib, suv havzasida cho‘milishni istab tashrif buyurishadi. Xizmatlar qancha mukammal bo‘lsa, mijozlar soni ham oshib boraveradi. Faoliyatimiz to‘liq ishga tushishi natijasida 60 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Maqsadimiz xizmat turlarini kengaytirib boraverish. Hozirda turistlarga va mahaliy aholiga akvapark xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz.
Muxtasar qilib aytganda bugun Toshkent viloyatida xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida 2023 yil bo‘yicha maqsadli parametrlar belgilab olingan. Jumladan, 2,3 mingta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish, 103 mingta aholini bandligini ta’minlash, 32 trillion so‘mlik xizmatlar hajmiga erishish, 114 foiz o‘sish sur’atini oshirish, 4 mingta yer maydonlari, shundan, 2,5 mingta ko‘chma savdo ob’ektlarini tashkil etish hamda 1,5 mingta tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun auksion savdolariga chiqarish chora-tadbirlari ko‘riladi .
Shular bilan bir qatorda, xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida, jami loyiha qiymati 4,5 trillion so‘m, shundan, xorijiy investitsiya 67,1 million AQSH dollari hamda bank krediti 165 milliard so‘m bo‘lgan 350 ta xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yil yakuniga qadar xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida sohadagi korxonalarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, yangi loyihalarni xorijiy tajribalar asosida joriy etish, ularni moliyaviy tarafdan qo‘llab-quvvatlash kabi tizimli islohotlar davom ettiriladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati
O‘zA