O‘zmilliybank: xalqaro hamkorlik samaralari
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki «VEB.RF» Davlat taraqqiyot korporatsiyasi va «Roseksimbank» AJ bilan 4,8 milliard Rossiya rubli miqdorida kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.
Moskva shahrida joriy yiling 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki delegatsiyasining «VEB.RF» Davlat taraqqiyot korporatsiyasi va «Roseksimbank» AJ rahbariyati bilan amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki tomonlama banklararo hamkorlik va SHHT Banklararo birlashmasi doirasidagi joriy yildagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilindi, yangi 2021 yildagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish rejalari va imkoniyatlar muhokama qilindi.
VEB.RF Rossiya Sanoat va savdo vazirligining dasturi doirasida imtiyozli subsidiyalangan moliyalashtirishni ta’minlab, Rossiyaning yuqori texnologiyali uskunalarini mamlakatimizga yetkazib berishni moliyalashtirish bilan bog‘liq qator investitsiya loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining strategik sherigi hisoblanadi. Bankning O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi faol ishtiroki o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.

«VEB.RF» Davlat taraqqiyot korporatsiyasi va «Roseksimbank» AJ rahbariyati bilan subsidiyali imtiyozli foiz stavkasini hisobga olgan holda, qiymati 4,8 milliard rublga teng kredit liniyasini ochish to‘g‘risida imzolangan kelishuvlar ushbu uchrashuv natijasi bo‘ldi.
Jalb qilinadigan kredit liniyalari doirasida Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Toshkent shahar va respublikamizning 12 ta shaharlari hokimligi ehtiyojlari uchun 581 dona zamonaviy maxsus yo‘l texnikasini xarid qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda shaharsozlik, transport infratuzilmasini rivojlantirish, shahar kommunikatsiyalari sifati va yo‘l tizimining tegishli holatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yo‘l maxsus texnikasini yangilash orqali ushbu kredit liniyasini samarali o‘zlashtirish respublikamiz poytaxti va uning markaziy hududlarini obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va «Roseksimbank» AJ o‘rtasida ilk marotaba shartnoma imzolanishi, asosiy vazifasi Rossiya Federatsiyasidagi korxonalarning eksport operatsiyalariga ko‘maklashish bo‘lgan mazkur davlat instituti bilan hamkorlikni faollashtirishning muhim bosqichi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining «VEB.RF» Davlat taraqqiyot korporatsiyasi va «Roseksimbank» AJ bilan samarali hamkorligi respublikamiz bank tizimining yangi kredit liniyalarini rivojlantirish va sifatli xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha olib borilgan kursning samarali davomidir.
Rossiya moliya instiitutlarining rubldagi kredit liniyalarining jalb qilinishi SHHT Banklararo birlashmasiga a’zo banklarning SHHT hududida milliy valyutalardan foydalanishni kengaytirish masalasiga Hamkorlikdagi yondashuvlar bo‘yicha kelishuvlarni amaliy bajarilishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va VEB.RF hamkorligida qator investitsiya loyihalari amalga oshirildi, xususan, bugungi kunda gidroenergetika, issiqlik energetikasi, transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish kabi sohalarda 275 million AQSH dollari ekvivalentiga teng 6 ta kredit shartnomasi imzolandi.
Ma’lumot uchun: VEB.RF – davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini amalga oshiruvchi milliy bank. Tijorat banklari bilan hamkorlikda infratuzilmani rivojlantirish, sanoat, ijtimoiy soha, texnologik salohiyatni mustahkamlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli loyihalarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi.
Roseksimbank – ixtisoslashgan davlat banki bo‘lib, uning asosiy maqsadi Rossiyadagi eksportchi kompaniyalarning moliya resurslardan foydalanishini ta’minlash hamda Rossiyaning xomashyoli bo‘lmagan eksportining rivojlanishiga ko‘maklashishdir. Bank RF Hukumati agenti sifatida Rossiya eksportini kafolatli qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini yuritish, eksportchilarga ularning sanoat mahsuloti bozorga olib kirishga ko‘maklashish va ularning uzoq muddatli kreditlardan foydalanishini taqdim etish uchun javob beradi.
Bank matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida