Ta’kidlash joiz, bugun Bank mahsulotlari va xizmatlari bosqichma-bosqich raqamli formatga o‘tkazilib, eng zamonaviy dasturlar asosida faoliyat yuritmoqda.
Shu bois “O‘zmilliybank” AJ jamoasi o‘z safiga yangi davr talablari asosida ishlaydigan va o‘z faoliyatida ijodiy yondashuvlarni joriy etishda tashabbus ko‘rsatadigan mutaxassislarni qo‘shish istagida. Shunga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (O‘zmilliybank) va Toshkentdagi Amiti universiteti o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Ushbu hujjat amaliy ta’limni rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari va iqtisodiyot sohalarida yosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
O‘zmilliybankning mazkur universitet bilan imzolagan memorandumi respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘n uchinchi hamkorligi sanaladi.
Amiti universiteti O‘zbekistonda IT ta’limi bo‘yicha yetakchi oliygohlardan biri sifatida tan olingan. Endilikda ushbu oliy o‘quv muassasasi O‘zmilliybank uchun istiqbolli amaliyotchilar hamda mutaxassislarni tayyorlash maydoniga aylanadi. Memorandumga muvofiq, “Axborot texnologiyalari” va “Iqtisodiyot” yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar Milliy bankning turli filiallarida stajirovka va ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular bankdagi raqamli transformatsiya va innovatsion loyihalarda ishtirok etish orqali amaliy tajriba orttiradi.
“Bu oddiy kelishuv emas — strategik hamkorlikdir. Biz talabalarning faqat nazariy bilim olib qolmay, balki bankning zamonaviy loyihalarida ishtirok etib, real tajriba to‘plashlarini istaymiz”, —deyildi o‘zaro uchrashuvda.
Hamkorlik doirasida quyidagilar nazarda tutilgan:
talabalarning stajirovka va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish;
Milliy bank mutaxassislarining darslar va ma’ruzalar bilan ishtirok etishi;
universitet va bank o‘rtasida tahliliy ma’lumotlar, ilmiy-amaliy ishlanmalar almashinuvi.
Ushbu kelishuv IT va moliya sohalaridagi bilimlarini amaliyotda qo‘llamoqchi bo‘lgan talabalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi hamda mamlakatimiz bank sektori raqamli kelajagining bir qismiga aylanishlariga zamin yaratadi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati