Toshkent shahridagi 49-oilaviy poliklinikada “Onkogematologik kasalliklarni birgalikda yengamiz” shiori ostida “Donorlik bilan hayot go‘zal!” aksiyasi o‘tkazildi. Unda vazirlik, tashkilot va idoralarning xodimlari ko‘ngilli va ixtiyoriy ravishda ishtirok etdi. “O‘zmilliybank” AJ xodimlari ham aksiyaga faol qatnashdi.
– Qon va uning tarkibiy qismlari bemor hayotini saqlab qolishda muhim vositadir, – deydi “O‘zmilliybank” AJ markaziy amaliyot filiali bosh yurist konsulti Aziza Quvondiqova. – O‘tgan yili farzandimni operatsiya qildirganimizda unga qon quyish kerak bo‘ldi. Ushbu vaziyatda juda qiynaldik. Shundan bilamanki, bu kabi xayriya aksiyalari yuzlab kishilarga, qonga muhtoj bo‘lgan bemor bolajonlarga hayot bag‘ishlashi va ularning sog‘ayib ketishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson organizmida 4,5-5 litr qon bo‘lib, 500 ml.gacha qon topshirish organizm uchun xavfsiz hisoblanadi. Har bir donorlik amaliyotida o‘rtacha 350-450 ml qon olinadi. Ma’lumotlarga qaraganda qon topshirgan odam nisbatan insult hamda infarktga chalinmas ekan.
[gallery-9806]
– bugungi aksiyada tashkilot va idoralardan 300 nafardan ortiq xodim ko‘ngilli ishtirok etmoqda, – deydi Toshkent shahar 49-oilaviy poliklinika bosh shifokori Fayzullo Odinayev. – Bu jarayonda donorning sog‘lomlik darajasini aniqlash birinchi vazifamiz hisoblanadi. Shuningdek, nomzodning ko‘rsatmalari, tibbiy so‘rovnoma, gemoglobin, qon guruhi va rezus faktorni aniqlash uchun qon tahlillari olinadi.
–Aksiyaning targ‘iboti barcha ko‘ngillilarni birlashtirdi. Muhtoj bemorlar, qalbi o‘ksik farzandlarimiz uchun birinchilardan bo‘lib qon berishga doim tayyormiz. Ayniqsa, ushbu xayrli amallar kimningdir sog‘lig‘ini saqlashga, hayotini uzaytirishga ko‘mak beradigan bo‘lsa, o‘sha inson o‘zini yanada baxtli his etarkan. Donorlar ana shunday beg‘araz yordam ko‘rsatuvchi ezgu niyatli kishilardir, – deydi aksiya ishtirokchisi, “O‘zmilliybank” AJning xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Go‘zal Hamroqulova.
Shuningdek, “Donorlik bilan hayot go‘zal!” aksiyasi doirasida “1 dekabr – OITS ga qarshi kurashish kuni”, “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” mavzularida seminar ham tashkil etildi. Unda Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasi mutaxassislari, sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari tomonidan mavzuga oid ma’lumotlar berildi.
Nilufar Bozorova,
Oybek Pardayev (surat) O‘zA