“O‘zmilliybank” AJ: Rishton chinnilari dunyo bozorida
Paxta gulli chinni idishlar kirib bormagan va foydalanilmaydigan o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak. “Toshkent chinnisi” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu mahsulotlar o‘ziga xos ko‘rinishi, naqshi, jilosi va sifati bilan sayyohlar e’tiborini ham jalb etgan. Shundan bo‘lsa kerak mazkur chinni idishlarga bo‘lgan talab va ehtiyoj ichki bozorda ham yuqori. Eng quvonarlisi, bugun milliy timsolga aylangan ushbu chinni idishlarni nafaqat Toshkent shahrida, shuningdek, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Azaldan kulollar yurti sifatida tanilgan Rishton tumanida keyingi yillarda ushbu tarmoq xizmat ko‘rsatish sohasining drayveriga aylandi. Ayni paytda tumanda o‘nlab kulolchilik korxonalari, turizm ob’ektlari sayyohlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Umuman olganda, tumanda yangi ish o‘rinlari tashkil etish orqali aholi farovonligini yuksaltirish hamda eksport salohiyatini oshirishda kulolchilikning o‘rni beqiyos.
Ayni jarayonda olib borilayotgan sa’y-harakatlar doirasida Rishton kulolchiligi mahsulotlari nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo, MDH davlatlari miqyosida tobora ommalashmoqda. O‘z navbatida AQSH, Yaponiya, Italiya, Turkiya singari mamlakatlar hunarmandlari, tadbirkorlari bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalari yildan-yilga kengayib borayotir. 2017 yilda tashkil etilgan “Olimjon Ilyosov” MCHJ rahbari Usmonjon Qodirovning ma’lum qilishicha, umumiy qiymati 3 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirish uchun “O‘zmilliybank” Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi tomonidan 2 milliard so‘m kredit ajratib, yiliga 1 million dona chinni buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Tumanning olis “Navbahor” MFYda ish boshlagan korxonada 100 nafar mahalliy aholi vakillari muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi.
– Rishtonda kulolchilik sohasi rivojida chinni mahsulotlari ishlab chiqarish muhim ahamiyat kasb etgan, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Qobiljon Jamolov. – Hozirda 10 turdagi chinni piyola, lagan, kosalar tayyorlanib, qo‘shni respublikalarga eksport qilinmoqda. Bitta mahsulot tayyor bo‘lgunga qadar 7 xil xomashyo qo‘shiladi. Shu tariqa o‘nga yaqin jarayondan o‘tgach, sifatli chinni buyumi tayyor bo‘ladi. U tabiiy sifati, ekologik jihatdan bezarar xomashyodan tayyorlanishi tufayli doimo xaridorgir hisoblanadi.
– Eng asosiysi “Toshkent chinnisi” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayoni har doim tumanimizga sayyoh bo‘lib kelgan xorijliklar diqqat markazida bo‘lib kelmoqda, – deydi korxona menedjeri Nodira Qodirova. – Sababi biz jarayonni bir necha bosqichda olib boramiz. Idishlar tayyor holatga kelguniga qadar ham texnikadan, ham qo‘l mehnatidan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Zarhal naqshlar bilan zeb berishda asosan qo‘l mehnati zarur. Bunday bejirim naqshlar va tanlangan ranglar chet elliklarga nihoyatda qiziq. Sababi ularga bizning choy ichish uchun mo‘ljallangan piyolamiz va taomlar uchun tayyorlanadigan katta hajmdagi laganlarimiz yangilik hisoblanadi. Turistlar milliy buyumlarni qadrlaydi va havas bilan qaraydi. Shuning uchun biz bu borada ham Rishton maktabiga asos soldik. Endi faqat sopol va kulolchilik maktabi tajribasini emas, chinni idishlar tayyorlashda ham keraklicha mahoratni boshqalarga o‘rgata olamiz. Bu tarmoqdagi muvaffaqiyatlarimizda O‘zmilliybank doimiy hamkorimizga aylangan. Bankning moliyaviy ko‘magi bilan bizda ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turi kun sayin oshmoqda.
2023 yilning olti oyida korxonada 1 million dollarlik mahsulot eksport qilingani ham xorijda ushbu mahsulotga bo‘lgan talab nechog‘li yuqori ekanligini anglatadi. Yaqin kelajakda bu yerda sayyohlar uchun alohida ustaxonalar tashkil etilib, mahorat darslari o‘tkazish, mahsulot tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etish imkonini yaratish rejalashtirilgan. Bu xizmat ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratish, daromad manbaini kengaytirishda muhim omildir.
Hozirning o‘zida mazkur korxonaga Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiyadan sayyohlar tashrif buyurib, xalq amaliy san’ati durdonalariga yuksak baho berayotgani, hayrat va hayajon bilan mahsulotlar sotib olayotgani boqiy qadriyat aslo zavol topmasligidan dalolat beradi.
“O‘zmilliybank” AJ esa bu borada har doim tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va ishonchli hamkor bo‘lib qolishdan mamnun.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati
O‘zA