“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo viloyati bosh boshqarmasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
“Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzuiga bag‘ishlangan tadbirda dastlab “O‘zmilliybank” AJ axborot va bank xavfsizligi departamenti bosh mutaxassisi Ismat Gadoyev, ichki nazorat departamenti qoidabuzarliklarni tekshirish, bankka yetkazilgan zarar qoplanishini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i Komiljon Xodjayev bank faoliyati ochiqligini ta’minlash, korrupsion xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tizimlarini joriy etish, “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, “O‘zmilliybank” AJ shu yil sentyabr oyida ICO 37001-2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimining xalqaro muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘ldi. Mamlakatimizdagi eng yirik moliya muassasalaridan biri bo‘lgan mazkur bankda xalqaro standartlar asosida faoliyat yurituvchi korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish uchun qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan tahdid va xavf-xatarlar baholanib, ularni kamaytirish yuzasidan tegishli tadbirlar belgilab olindi.
Xalqaro Standartlashtirish tashkilotining mazkur sertifikatiga ega bo‘lish bankning ochiq va shaffofligini yanada oshirishga, axloqiy xulq-atvor hamda mas’uliyatning yuqori standartlariga sodiqligini namoyish etishga, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalari bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi. Halollik va mas’uliyat tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash orqali bank faoliyatida korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqib, joriy etish, tahlil qilish va takomillashtirishning samarali yo‘llarini belgilab beradi.

Tadbirda Termiz shahar prokuraturasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi kurashish, jamiyatda bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Moliya-iqtisodiyot sohasida korrupsiya holatlarining yuzaga kelish sabab va oqibatlari sharhlab berildi.
– Bankimizda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan va unda belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida bajarib kelinmoqda, – deydi “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo viloyat bosh boshqarmasi xavfsizlik rejimi va axborot himoyalash bo‘limining kompleans nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi Burxon Hakimov. – Bu jarayonda xodimlarning korrupsiyaga, uning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirish, korrupsiyaga sharoit yaratadigan omillarni bartaraf etish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda. Barcha xodimlar, jumladan, yangi ishga qabul qilinayotganlar korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha avtomatlashtirilgan SAP (Success Factors Learning Management System) tizim orqali o‘qitilib, malakasi oshirilayotir. Ma’naviyat-ma’rifat soatlarida ham xodimlarga tegishli tushuncha beriladi. Bank operatsiyalarini elektron tizim orqali inson omili aralashmagan holda amalga oshirish joriy etilgan. Mijozlarimiz uchun tashkil etilgan “Ishonch telefonlari” orqali ular xizmatlar sifati, xodimlarning muomalayu munosabati yuzasidan murojaat qilishlariga qulay imkoniyat yaratilgan.
Tadbirda bank tizimida korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rish, uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish yuzasidan fikr almashildi. Bank mas’ullari va huquq-tartibot idoralari vakillari xodimlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri