“O‘zmilliybank” AJ infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish yo‘nalishida Ipak yo‘li jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov boshchiligidagi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududiga yuqori darajadagi tashrifi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (“O‘zmilliybank” AJ) hamda Ipak yo‘li jamg‘armasi o‘rtasida O‘zbekistondagi umumiy qiymati 395 mln. AQSh dollarigacha bo‘lgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Mazkur hujjat joriy yilning 9–10-sentabr kunlari Gonkongda bo‘lib o‘tgan va investitsiyaviy hamda moliyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylangan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 11-sammiti doirasida imzolandi.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tomonlar istiqbolli infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda tanlash, baholash va moliyalashtirish tuzilmasini ishlab chiqishni amalga oshiradi. Mazkur loyihalarni keyinchalik Ipak yo‘li jamg‘armasining uzoq muddatli kredit liniyalari hisobidan moliyalashtirish nazarda tutilgan.
Bunda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, jumladan, zamonaviy pulli tezyurar avtomobil yo‘llarini qurish loyihalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Mazkur kelishuv 2026-yilga mo‘jallangan davlat investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida imzolangan bo‘lib. Ushbu dasturga muvofiq, “O‘zmilliybank” AJ zimmasiga O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun yetakchi xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘larni jalb etish vazifasi yuklatilgan.
Kelishuvning imzolanishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish borasidagi yana bir natijasi bo‘lib, har tomonlama O‘zbekiston–Xitoy strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida aniq loyihalar bilan yanada boyitishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun:
1. “O‘zmilliybank” AJ 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning eng yirik tizimli ahamiyatga ega banki hisoblanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari
12 mlrd. AQSh dollaridan, kredit portfeli 9,0 mlrd. AQSh dollaridan, jami kapitali 1,6 mlrd. AQSh dollaridan oshdi, sof foydasi esa 160 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich mamlakat bank tizimidagi eng yuqori natijalardan biridir.
2. Ipak yo‘li jamg‘armasi - Xitoy Xalq Respublikasining davlat investitsiya jamg‘armasi bo‘lib, 2014-yilda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.