Mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, hududlarda ishbilarmonlik muhitini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa o‘z navbatida shahar va qishloqlar infratuzilmasini tubdan o‘zgartirish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligida banklarning tadbirkorlar uchun eng ishonchli hamkor sifatida faoliyat ko‘rsatayotgani ham e’tiborga molikdir.
Buni banklarning moliyaviy ko‘magida istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotgan ishbilarmonlar faoliyati, qolaversa, ishlab chiqarish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tizimli ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining Matbuot xizmati tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari ham xuddi shu yo‘nalishdagi ishlar bilan tanishtirildi.

Dastlabki manzil “O‘zmilliybank” AJning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi Nukus amaliyot bank xizmatlari markazi bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xususiy sektorni yanada qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tashabbusli loyihalarni amalda tatbiq etishga ko‘maklashish maqsadida bank tomonidan yangi kredit liniyalari shakllantirildi. Xususan, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida yirik ishlab chiqarish korxonalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, umumiy ovqatlanish maskanlari tashkil etildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida zamonaviy ko‘p qavatli turar joy binolari barpo qilindi.
2024 yilda tarmoqlar bo‘yicha tahlil qilinganda:
-sanoat sohasida - 102,3 milliard so‘mlik 14 ta loyiha,
-qishloq xo‘jaligida – 36,3 milliard so‘mlik 2 ta loyiha,
- qurilish yo‘nalishida – 89,7 milliard so‘mlik 7 ta loyiha,
-savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida – 58,7 milliard so‘mlik 77 ta loyiha amalga oshirildi. Ushbu tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Hozirda Nukus amaliyot Bank xizmatlari markazida jami 192 ming 346 nafar mijozga xizmat ko‘rsatiladi. Shundan 188 ming 285 nafari jismoniy va 4 ming 61 tasi yuridik shaxs hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning jami depozit qo‘yilmalari 197,9 milliard so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, mijozlarga to‘lov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 24 ta bankomat, 5 ta ADM qurilmasi, 2 ming 263 ta savdo terminali dislokatsiya qilingan. Bundan tashqari, aholiga plastik kartalar amaliyotlarini yanada soddalashtirish maqsadida 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi 13 ta shoxobcha xizmat ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda markazda zamonaviy innovatsion bank xizmatlari ko‘rsatilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Buni 90 foizdan ortiq mijozlarning masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanishi misolida ko‘rish mumkin. Hisobraqamlarda bank aylanmalarini amalga oshirish, onlayn kredit rasmiylashtirish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda har qanday bank amaliyotlari hamda to‘lovlarni bajarish, omonatni rasmiylashtirish, xorijiy valyutalarda konversion operatsiyalar, pul o‘tkazmalari kabi bank xizmatlari shular jumlasidandir.
Xabaringiz bor, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashda mas’ul bank bo‘lish bilan birga, ishbilarmonlar uchun asosiy moliyaviy hamkor bo‘lib kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmatlar sohasida o‘zgarish 2020 yilga nisbatan:
- mehmonxona va xostellar soni 88 tadan 123 taga,
- restoran va kafelar 1234 tadan 1654 taga,
- xususiy tibbiyot muassasalari 409 tadan 537 taga,
-xususiy ta’lim markazlari 127 tadan 578 taga (ularning sig‘imi 20550 tadan 57 800 taga yoki qariyb 3 barobarga),
- turagent va turoperatorlar faoliyati 151 tadan 296 taga oshishiga erishildi. Natijada, xizmatlar hajmi 2 barobarga o‘sib, bu boradagi ko‘rsatkichlar 6,5 trillion so‘mdan 12,9 trillion so‘mga yetgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat tijorat banklari tomonidan xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 865 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Buning evaziga xizmatlar sohasida 1437 ta yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirildi.
– Ma’lumot uchun, joriy yilda respublikada “O‘zmilliybank” AJ tashabbusi bilan tijorat banklari bilan hamkorlikda 1 trillion so‘m kredit ajratilishi ko‘zda tutilgan, – deydi bankning Xizmatlar sohasini rivojlantirish markazi rahbari Boboyor Xidirov. – Xizmatlar sohasida 2024 yil yakuni bilan respublikada 16,2 trillion so‘m xizmat ko‘rsatish hajmiga erishish, 1615 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektini ishga tushirish, sohadagi o‘sish sur’atini 118 foizga yetkazish, aholi jon boshiga xizmatlar hajmini 6,5 million so‘mdan 8 million so‘mga oshirish rejalashtirilgan.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi Nukus amaliyot bank xizmatlari markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish davomida tadbir ishtirokchilari bir jihatga alohida e’tibor qaratdi. Xabaringiz bor, mamlakatimizda yashil energetika siyosatini qo‘llab-quvvatlashda “O‘zmilliybank” AJ munosib ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi binosi uchun umumiy quvvati 30,0 kVt bo‘lgan, umumiy qiymati 275,0 million so‘mni tashkil etgan quyosh panellari hamda hajmi 200 litrdan iborat bo‘lgan qiymati 8,4 million so‘mni tashkil etgan quyosh suv isitish qurilmalarining ishlash mexanizmi ham ko‘zdan kechirildi.
Eslatib o‘tamiz, OAV vakillari press-turning ikkinchi kunida xizmatlar yo‘nalishida bankning moliyaviy ko‘magida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan tanishtirildi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati