“O‘zlik” loyihasi taqdimoti o‘tkazildi
«Renessans» kino uyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Oyina.uz sayti tomonidan tashkil etilgan “O‘zlik” loyihasi taqdimoti va uning doirasida ilk ma’ruzalar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda e’tirof etilganidek, har bir xalqning kuchi avvalo, uning o‘z tarixini, madaniyatini, san’atini, umuman aytganda, o‘zligini anglashi bilan belgilanadi.

“O‘zlik” kursi aynan shu maqsadga xizmat qiladi — xalqimizning boy ma’naviy merosi, tarixi, tili va madaniyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ayniqsa, yosh avlodning milliy o‘zlik haqidagi bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Loyiha doirasida besh oy davomida tarix, folklor, adabiyot, til, dramaturgiya va falsafa yo‘nalishlarida qiziqarli hamda mazmunli seminarlar tashkil etiladi.

Ushbu darslarni o‘z sohasining yetuk mutaxassislari va taniqli olimlari — G‘aybulla Boboyor, Feruza Jumaniyozova, Bahrom Irzayev, Shomirza Turdimov, Nigora Karimova, Anvar Bo‘ronov, Jo‘ra Xudoyberdi va Sanobar To‘laganova olib boradi. Ularning bilim va tajribasi ishtirokchilarga yangi qarashlar, chuqur bilim va ilhom bag‘ishlashi kutilmoqda.
Zamonaviy imkoniyatlardan kelib chiqib, seminarlar keng auditoriyani qamrab olishi uchun barcha darslar videoyozuvga olinadi va Oyina.uz platformasining YouTube kanaliga joylashtirib boriladi. Shu tariqa jonli mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniyati bo‘lmaganlar ham darslarni istalgan vaqtda ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, joylashtirilgan videolar asosida har oyda bir marotaba Oyina.uz platformasi orqali qisqa testlar va ma’rifiy viktorinalar tashkil etiladi. Bu ishtirokchilarning o‘zlashtirgan bilimlarini mustahkamlash va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Loyiha yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar rag‘batlantiriladi. Xususan, birinchi o‘rin sohibiga Turkiya bo‘ylab sayohat, ikkinchi o‘rin egasiga Boku shahriga sayohat, uchinchi o‘rin g‘olibiga esa yurtimizning diqqatga sazovor maskanlari bo‘ylab sayohat sovg‘a qilinadi. Shuningdek, har oy yakunida eng faol va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
“O‘zlik” kursi — tariximizni anglash, madaniyatimizni chuqurroq bilish, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir. Ushbu loyiha davomida yoshlar olgan bilimlar nafaqat shaxsiy rivojlanishga, balki jamiyatning ma’naviy taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
Birinchi saboq “O‘tmish va bugunni anglash — tarix nega kerak?” mavzusiga bag‘ishlandi. Ushbu mashg‘ulotni taniqli etnograf, tarixchi olim, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Eldor Asanov olib bordi.
Suhbat davomida milliy tarixni anglash va o‘zlikni anglash tushunchalari o‘zaro uyg‘un ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
N.Usmonova, O‘zA