O‘zLiDeP faollari imzo to‘plashga kirishdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi yig‘ilishi tashkil etildi va partiyaning saylovda ishtirok etishi bo‘yicha qaror qabul qilindi hamda tegishli hujjatlar Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etildi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ro‘yxatga olinib, ularga mandatlar “E-saylov” axborot tizimi orqali elektron shaklda berildi. O‘zLiDePning vakolatli vakiliga partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plashlari uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Jizzax viloyat hududiy partiya tashkiloti faollari tomonidan, ayni kunlarda bo‘lajak saylovda ishtirok etish uchun saylovchilar imzolari to‘planmoqda. Mazkur jarayon viloyat hududiy partiya tashkilotining 1216 ta boshlang‘ich tashkilotlarida, fuqarolarning ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, tashviqot yuritish va imzo to‘plash joylarda uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
[gallery-18596]
Qonunchilikka ko‘ra siyosiy partiyalar bitta ma’muriy-hududiy tuzilma (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri)da 40 ming saylovchining ko‘pi bilan 8 foiz imzosini to‘plashi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Ana shunday imzo to‘plash jarayonlaridan biri viloyat markazidagi “Jizzax akkumulyator zavodi” AJda ham tashkil etildi. Ushbu jarayonda ishtirok etgan saylovchilar O‘zLiDePning o‘tgan yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikni takomillashtirish hamda saylovchilar bilan ochiq muloqotlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish yo‘nalishidagi amaliy ishlarini alohida e’tirof etdi.
Mazkur partiya joriy yilgi parlament saylovlariga o‘zining mutlaqo yangi strategiyasi bilan kirib kelmoqda. Saylovlarga tubdan yangicha yondashishni ko‘zda tutgan O‘zLiDeP xalqning ichiga yanada faolroq kirib borishi, uyma-uy yurib, har bir saylovchiga partiya g‘oyalarini yetkazishni, ularning taklif-mulohazalarini tinglashni maqsad qilib qo‘ygan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.