“OʻzLiDeP debat klubi” yangi loyihani muhokama qildi
Poytaxtimizda “OʻzLiDeP debat klubi”ning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tashqi siyosat, xalqaro iqtisodiy munosabatlar va investitsiyalar masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari, olimlar, ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Debat klubida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar Strategiyasi hamda partiyaning dasturiy maqsadlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tashqi siyosat, xalqaro iqtisodiy munosabatlar va investitsiyalar yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, davom etayotgan hamda kelgusida rejalashtirilgan islohotlar yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tashqi siyosat borasida bugungi kunga qadar yaqin qo‘shnichilik aloqalari yaxshilandi, mamlakatimiz mavqeini xalqaro maydonda mustahkamlash bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi.
Jumladan, BMT bosh Assambleyasida bir necha bor xalqaro va mintaqaviy ahamiyatdagi tashabbuslarning muallifi sifatida aynan O‘zbekistonning e’tirof etilishi, mintaqaviy va xalqaro masalalarni hal etish masalasida O‘zbekistonda qator yuqori darajadagi xalqaro tadbirlarning tashkil qilinishi buning yaqqol misolidir.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishida mamlakatimiz eksport geografiyasining kengayishi, xorijiy investitsiyalar hajmi ortishi, yuqori texnologiyalar ishlab chiqarishga joriy qilinishi, ko‘plab mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarning mustahkamlanishiga erishildi.
Tadbir davomida ekspertlar tomonidan tashqi siyosat, xalqaro iqtisodiy munosabatlar va investitsiyalar masalasida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yo‘nalishlar va ularning natijadorligi masalasi ham muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA