Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmati rahbari Hojakbar To‘laganov 2025 yilning birinchi choragida jamiyat va uning tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, hisobot davrida “O‘zkimyosanoat” AJning ijro apparati, “Navoiazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Maksam-Chirchiq”, “Ammofos-Maksam”, “O‘zkimyosanoatloyiha” AJlari hamda “Qizilqum fosforit kompleksi” va “O‘zkimyoimpeks” MCHJlarida komplayens nazorat va korrupsion holatlar oldini olish ishlari tashkil etildi.
Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi, chora-tadbirlar rejasi, yangi ishga qabul qilingan xodimlar uchun o‘quv rejalari hamda xavf-xatarlarni baholashga oid yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, “E-Antikor.uz” elektron platformasiga joriy yilning 3 oyida amalga oshirilgan ishlar 5 ta yo‘nalishdagi 29 ta indikator asosida kiritildi. Shuningdek jamiyatning 58 ta funksiyasi bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholandi va “E-Antikor.uz” platformasiga joylashtirildi. Xavf-xatarlar xaritasi jamoatchilikka e’lon qilindi.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning mazmunini tushuntirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi.
– “O‘zkimyosanoat” AJda 16 ta, “Navoiazot” AJda 29 ta, “Dehqonobod kaliy zavodi”da 9 ta, “Maksam-Chirchiq” AJda 15 ta, “Ammofos-Maksam” AJda 11 ta, “O‘zkimyoimpeks” MCHJda 11 ta – jami 91 ta ichki hujjat ekspertizadan o‘tkazildi. Tahlil natijasida 18 ta holatda korrupsion omillar oshkor etilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Jamiyat va tizim korxonalarida rastrata, kamomad, korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarga doir 15 ta holat aniqlanib, tegishli rasmiylashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, tenderlar va shartnomalar bo‘yicha jami 562 ta holatda kontragentlar o‘rganilib, 3 ta holatda tender va shartnomalar bekor qilindi, 32 milliard so‘m mablag‘ning noqonuniy sarflanishi oldi olindi. Jismoniy va yuridik shaxslardan jami 11 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 10 tasi bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Natijada 1 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 7 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Yetkazilgan 140 million so‘m zararning 70 million so‘mi jamiyat hisobiga undirilishi ta’minlandi, qolgan qismi yuzasidan undirish ishlari olib borilmoqda, – dedi H.To‘laganov brifingda.
N. Ziyodullayeva, O‘zA