Dehqonobod kaliy zavodida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Odil Temirov korxonada mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar va talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda Odil Temirov yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ishlab chiqarish jarayonida yetuk mutaxassis sifatida kamol toptirish, kasbiy o‘sish va shaxsiy rivojlanishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning qayd etishicha, “O‘zkimyosanoat” AJ yosh kadrlar bilan ochiq muloqot qilishni va ularning rivojlanishiga ko‘maklashishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab kelmoqda.

Muloqot davomida yosh mutaxassislar o‘z takliflarini ham bildirdi. Jumladan, zavodda tarozibon bo‘lib faoliyat yuritayotgan Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali bitiruvchisi Nilufar Norqobilova o‘z fikrini bayon etdi.
– Biz “Zakovat” intellektual o‘yinini doimiy ravishda kuzatib boramiz va unda ishtirok etayotgan ilmiy salohiyatli shaxslar faoliyatiga havas qilamiz. “O‘zkimyosanoat” tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan yoshlardan iborat terma jamoa tuzib, intellektual o‘yinning respublika bosqichida ishtirok etish orqali ximiya sanoati yoshlarining aqliy salohiyatini mamlakat miqyosida namoyon etmoqchimiz, – dedi u.

Shuningdek, zavodning elektrotsexida ishlaydigan Toshkent davlat texnika universiteti bitiruvchisi Burxon Alimov ham o‘z taklifini bildirdi.
– Biz, yosh mutaxassislar, “O‘zkimyosanoat” tarmog‘i korxonalarida malakamizni oshirib, tajriba almashishni va shu orqali ish unumdorligini oshirishni xohlaymiz. Bu taklifimiz yoshlar o‘rtasidagi birdamlikni kuchaytirish, ish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylaymiz. Bunda sizdan amaliy ko‘mak so‘raymiz, – dedi u.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbir yoshlar uchun ilhom, yangicha g‘oya va tashabbuslarga boy uchrashuv bo‘lib, ularning fikr va takliflari rahbariyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch uyg‘otdi.
Tadbir yakunida Yoshlar oyligi munosabati bilan tashkil etilgan sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari hamda korxona hayotida faollik ko‘rsatgan yoshlar taqdirlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA