Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbarlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unga muvofiq:
a) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan idoralarning bir-birini takrorlovchi funksiyalarini bartaraf etish va maqbullashtirish orqali yagona davlat boshqaruvi tashkil etiladi;
b) “daladan dasturxongacha" tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish zanjiridagi barcha ishtirokchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashning xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimi joriy etiladi;
v) amaldagi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari, fitosanitariya talablari va choralari Alimentarius kodeksi standartlari, Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH), O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC) talablariga muvofiqlashtiriladi;
g) oziq-ovqat biznesi operatorlari faoliyatiga xavf-xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (NASSR) tamoyillari keng joriy etilishi ta’minlanadi hamda ularning iste’molchilarga xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdagi mas’uliyati oshiriladi;
d) sohada xususiy sektor bilan maslahatlashuvlarning tizimli va shaffof mexanizmlari yaratiladi, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalaridagi davlat funksiyalari xalqaro tajriba asosida bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkaziladi;
j) mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligi hamda nufuzini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamkorlik yanada rivojlantiriladi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida:
a) O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi;
b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuzilmasiga qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari - Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori lavozimi kiritiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi zimmasiga oziq-ovqat sanoati korxonalari (alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan tashqari) va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash quvvatlarini rivojlantirish vazifalari yuklatiladi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining vazifalari, tizim tashkilotlari va shtat birliklari tegishliligi bo‘yicha Qo‘mita, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning huzuridagi tashkilotlar o‘rtasida qayta taqsimlanadi.
O‘zA