O‘zini o‘zi identifikatsiyalash tizimi rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zsanoatqurilishbank»da biznes jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish istiqbollariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda joriy yilda CRM tizimi hamda kredit konveyeri joriy qilinishi aytib o‘tildi.
PEGA SYSTEMS platformasida amalga oshiriladigan ushbu tizim mijozlarni jalb qilish va ular bilan munosabatlarni boshqarish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishda qo‘l keladi. CRM tizimini joriy qilishda mijozlar tasniflanadi. Salohiyatli mijozlar bazasi yaratiladi. Har bir mijoz haqida ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Xodimlarning ishi optimallashtirilib, nazoratga olinadi. Vazifalarni amalga oshirish vaqtni inobatga olgan holda rejalashtiriladi. Bunda vaqtni belgilash ma’lum bir hodisaga nisbatan belgilanadi. Muntazam takrorlanadigan jarayonlarni avtomatlashtirish orqali vaqtni tejashga va xodimlar mehnati samaradorligini oshirishga erishiladi. Ichki va tashqi ma’lumotlardan unumli foydalanish natijasida barcha mahsulotlarni sotish uchun yagona oyna, call-center, customer view 360 (mijozlarning to‘liq ma’lumotini ko‘ra olish), mijozlar bilan munosabatlar, segmentatsiya, hujjatlarni saqlash uchun alohida baza yaratiladi.
Kredit konveyeri xizmatining joriy qilinishi bilan kredit mahsulotlarini sotish jarayonining samaradorligi oshiriladi. Mijozning kreditga layoqatliligini avtomat hisoblovchi skoring va reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Kredit arizasini ko‘rib chiqishning har bir bosqichi davomiyligini kuzatish, jarayonning barcha ishtirokchilari uchun KPI belgilash va kuzatish, umuman, kredit mahsulotini sotishni boshqarish hamda jarayonning maksimal shaffofligi ta’minlanadi.
Qayd etilishicha, ayni paytda bank tizimida barqaror daromad manbalarini aniqlash, moliyaviy nazoratni kuchaytirish maqsadida «Byudjetlashtirish» dasturiy majmuasini joriy etish ishlari ham olib borilmoqda. Germaniyaning SAP dasturi asosida amalga oshirilayotgan 15 bosqichli ushbu loyihaning shu kunga qadar 9 ta bosqichidagi ishlar muvaffaqiyatli yakunlandi. Loyihani joriy etish bank moliyaviy strategiyasini rivojlantirish va resurs bazasini mustahkamlash bilan bir qatorda mijozlarga qulaylik yaratishda ham ko‘p imkoniyatlar beradi. Xususan, bank mahsulotlari va xizmatlarining haqiqiy qiymatini aniqlash, mijozga yo‘naltirilgan shaffof bank mahsulotlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlash, bank mahsulotlari tannarxini pasaytirish hamda kam rentabelli bank mahsulotlarini aniqlash va ularni rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilashning optimal yo‘li yuzaga keladi.
– Umuman, 2021 yilgi ustuvor vazifalarimiz ko‘lami keng, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB boshqaruvi raisi axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Bozorov. – Joriy yilda operatsion yo‘qotishlar va kredit tavakkalchiliklarini pasaytirish imkonini beruvchi skoring modeli rivojlantiriladi, elektron savdo maydonchasi kengaytiriladi (2021 yilda yangi 500 ta, 2022 yilda – 1000 ta savdo-servis korxonalar va ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish, mahsulotlar turini 1 mln.gacha yetkazish ko‘zda tutilgan), WAY4 karta protsessingi bilan integratsiyalashuv loyihasi joriy etiladi, elektron savdo maydonchasi orqali ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yilib, mijozlarga bank ofislariga bormasdan 20 yil muddatga bank kreditini rasmiylashtirish va qurilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga o‘z xaridorlari uchun tayyor yechimlar taklif etish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, savdo-servis korxonalari va ishlab chiqaruvchilar hududida «Smart ofis»lar tashkil etiladi. Bu yerda tach-skrin ekranlar va kartomatlar yordamida bank mahsulotlari va xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi. Masalan, mijoz yangi bank kartasini «Smart ofis» hududida 10 daqiqada olish imkoniga ega bo‘ladi. "090 kartasi" loyihasi amalga oshiriladi. Iste’molchiga kreditlarni 90 kunga «nol» foizlarda olish imkoniyati yaratiladi. Bu esa iste’molchilar talabi ortishining hisobiga savdo-servis korxonalari va ishlab chiqaruvchilar savdosini 20 foizgacha oshiradi.
Bank tomonidan o‘zini-o‘zi identifikatsiyalash tizimini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ma’lum qilinishicha, masofaviy identifikatsiyalash mexanizmining amaliyotga tatbiq etilishi natijasida bankda masofadan ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini oshirish imkoniyati yanada kengayadi. Identifikatsiyalashni biometriya asosida rivojlantirish yo‘nalishida esa FaceID va FingerID yordamida aniqlashni yo‘lga qo‘yish operatsion tavakkalchiliklarni pasaytirish imkonini beradi.
Muxtasar aytganda, «O‘zsanoatqurilishbank»da biznes jarayonlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish ko‘lami nihoyatda keng bo‘lib, mazkur chora-tadbirlar Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda olib borilayotgan Bankni transformatsiya qilish dasturining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Transformatsiya jarayonlaridan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri esa, bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning mijozga yo‘naltirilganini ta’minlash hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun eng qulay bank xizmatlari ko‘rsatilishiga erishishdan iboratdir.
Reklama huquqi asosida