O‘zini o‘zi band qilganlar soni ortmoqda
Toshkent viloyati Parkent tumanida joriy yil 31 mart holati bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni 5 ming 388 nafarni tashkil qildi. Jumladan, ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha 416 nafar, sanoat yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlarda 350 nafar, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 888 nafar, axborot kommunikatsiya yo‘nalishlarida 48 nafar, maishiy xizmatlar ko‘rsatish 634 nafar va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hamda xizmatlar ko‘rsatish faoliyat turlari bo‘yicha 203 nafar aholi ro‘yxatga olinib bandligi ta’minlandi.
Parkent tumanining “Yoshlik” mahallasida yashovchi Sayyora Adashova inkubatorda jo‘ja ochirib, parrandachilik bilan shug‘ullanadi. U o‘zini o‘zi band qilganlardan biridir. S.Adashova inkubatorlarni subsidiya orqali olib, endilikda oilasining daromadini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Hozir hududda o‘zini o‘zi band qilgan aholi ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu mahallada yashovchi “Ayollar daftari” da turgan Fotima Ziyaviddinova bugungi kunda subsidiya asosida o‘z xonadonida issiqxona tashkil qilgan. Yetishtirilgan sabzavot mahsulotlari va ko‘katlar ichki bozorga yetkazilmoqda.

– Yarim yil oldin “Ayollar daftari” ro‘yxatida turar edim, – deydi “Yangi Navbahor” MFYda yashovchi Orzibi Mirxaitova. – Soliq organi xodimlari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilgandan keyin o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdim. Tijorat bankidan 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, uzumni quritib, mayiz tayyorlashni yo‘lga qo‘ydim. Natijalar yaxshi, ichki bozorda mahsulotimizga talab katta.

A.Musayev, O‘zA