Ma’lumki, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar deb, o‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan jismoniy shaxslarga aytiladi. Ularning faoliyati «O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizom» bilan tartibga solinadi.
Xo‘sh, o‘zini o‘z band qilish maqomi nimani anglatadi? Uni qanday amalga oshirish mumkin? O‘zini o‘zi band qiluvchilar bir nechta vazifani birvarakayiga tanlashi mumkinmi? Bu boradagi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev javob berdi.
– Mehnatga layoqatli yoshdagi har bir jismoniy shaxs, yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, o‘zini o‘zi band qilishi mumkin. Jumladan, ular repetitor, enaga, santexnik, elektrchi, sartarosh, kurer, hunarmand, tikuvchi, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari bo‘lishlari mumkin. O‘zini o‘zi band qiluvchilar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart emas.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 dekabrdagi 806-sonli qaroriga ko‘ra, mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinmagan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan jismoniy shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolardir.
– O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma nimadan iborat?
– O‘zini o‘zi band qilgan shaxsga maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuboriladigan va fuqaroning o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatidagi mehnat maqomini belgilab beradigan elektron shakldagi ma’lumotnoma beriladi.
– Qanday holatlarda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash ijtimoiy soliqni hisoblab chiqish ob’ekti hisoblanmaydi?
– Tashkilotlar tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni shartnoma asosida bir martalik xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish bo‘yicha faoliyatga jalb qilishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash ijtimoiy soliqni hisoblab chiqish ob’ekti hisoblanmaydi.
– O‘zini o‘zi band qilgan shaxs o‘z mehnat faoliyatini to‘xtatsa, bildirishnoma qanday yuboriladi?
– Agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs o‘z mehnat faoliyatini to‘xtatsa, u o‘z faoliyatini to‘xtatguniga qadar davlat soliq xizmati organiga faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risidagi bildirishnomani maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuboradi.
– O‘zini o‘zi band qilgan shaxs bilan ishlar (xizmatlar) buyurtmachisi o‘rtasidagi og‘zaki shaklda bitim (shartnoma) tuzish mumkinmi?
– O‘zini o‘zi band qilgan shaxs bilan ishlar (xizmatlar) buyurtmachisi o‘rtasidagi ish muomalasi odatlariga asoslangan o‘zaro munosabatlarda og‘zaki shaklda bitim (shartnoma) tuzishga yo‘l qo‘yiladi. Shartnoma shartlariga asoslangan o‘zaro munosabatlarda yozma shaklda shartnoma tuzish talab etiladi.
– O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq miqdori qanday?
– O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi hamda ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA